ISHCHI GURUH TUMAN AHOLISIGA QISHNI BЕTALOFAT O‘TKAZISHGA KO‘MAKLASHMOQDA

Туман янгиликлари

Joriy yilning qish mavsumidagi anomal sovuq xalqimizning hamjihatligini jiddiy sinovdan o‘tkazmoqda. Sovuq ob-havo tufayli iste’molchilarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoji oshib ketadi. Natijada ayrim transformatorlar ortiqcha yuklama bilan ishlagani bois, nosozliklar kelib chiqmoqda.

Ana shunday murakkab sharoitda Amudaryo tuman aholisiga qishdan betalofat chiqishda ko‘maklashish, ularning normal hayot kechirishlarini ta’minlash uchun tumanda “Tezkor shtab” tuzilib, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ko‘mir hamda ichimlik suv ta’minoti, bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari narx-navolari barqarorligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan faoliyat yuritmoqda.

Shu maqsadda tuzilgan ishchi guruh tarkibiga tuman hokimligi, huquqni muhofaza qilish organlaridan tashqari tumanimizda faoliyat yuritayotgan korxona-tashkilotlar rahbarlari, mutaxassislari kiritilgan. Ular qish mavsumida elektr energiya, tabiiy gaz, ko‘mir hamda ichimlik suvi ta’minoti, bozorlardagi oziq-ovqat mahsulotlari narx-navolari va jamoat xavfsizligi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha shaxsan mas’ul ekanligi belgilangan.

Mazkur sohalarda tashkil etilgan kun-u tun navbatchilik qiladigan avariya brigadalari sohalarda sovuq tufayli kelib chiqqan nosozliklarni tezkor bartaraf etib, aholi muammolarini hal qilishmoqda.

Bu borada tegishli sohalar bilan birgalikda tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari amalga oshirilayotgan ishlar ahamiyati juda yuqori. Ular aholi xonadonlarida, ijtimoiy soha obyektlarida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish, is gazidan zaharlanishdan saqlanish borasida targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirmoqdalar.

Bo‘lim xodimlari shu yilning 21 yanvarida Oybek nomli mahallada, mahalladagi xonadonlarda bo‘lib, qish mavsumini betalofat o‘tkazish, yong‘inlarning oldini olish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borishdi va tabiiy gaz, elektr energiyasidan foydalanishini nazorat qildilar.

Buningdek tadbirlar Mang‘it shahrining Bo‘ston, Navoiy nomli mahallalarida ham davom ettirildi. Soha xodimlari aholiga tabiiy gaz, elektr energiyasidan xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda foydalanish yuzasidan taviyalar berdilar va mavjud ahvol nazorat qilinib, kamchiliklar joyida bartaraf etildi.

Shuni e’tirof etish joizki, ishchi guruh tomonidan muammoli vaziyatlarni tezkor va odilona hal qilinib, elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishda uzilishlar bo‘ladigan bo‘lsa, aholini oldindan xabardor qilish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilning 22 yanvar kuni tabiiy gaz bosimi past bo‘lgan Oybek mahallasidagi 65 ta xonadonga 4 tonna ko‘mir bepul tarqatildi.

Amalga oshirilayotgan buningdek chora-tadbirlar tumanimiz aholisining qish mavsumini talofatlarsiz o‘tkazishiga, tinch-osuda hayoti ta’minlanishiga asos bo‘layotir.

Oygul RAJABOVA.