Ma’naviyat va ma’rifat maktab ostonasida rivojlanadi

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan Amudaryo televideniyesi tahririyatining “Yuksak ma’naviyatli va ahloqli yoshlar − kelajak poydevori” nomli grant loyihasi doirasida hududlardagi ma’naviy va ma’rifiy ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan maktablar faoliyati keng yoritib borilmoqda.

Amudaryo tumanining Tosh yop ovuli hududida joylashgan 76-sonli maktab ham tumandagi namunali maktablardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda umumta’lim maktabda 621 nafar o‘quvchiga 56 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.

O‘qituvchilarning 4 nafari oliy, 20 nafari birinchi, 19 nafari ikkinchi toifali hamda 13 nafari mutaxassis o‘qituvchilardir.

Davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab yurtimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash, shu maqsadda ta’lim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

Ayniqsa bunda, maktab ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda-ki, bugungi kunda ular o‘zining ijobiy samarasi va natijasini ko‘rsatmoqda.

Haqiqatan ham, jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularda jamiyat hayotini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo ta’lim tizimidan, bog‘cha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini ko‘ramiz. Chunki, maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ta’lim va tarbiyaning asosi, poydevori bu – maktabdir.

76-sonli maktab qurib bitgazilgan paytda 216 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallab qurilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 23-24 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida mazkur maktab binosiga qo‘shimcha yana 360 o‘quvchi o‘rniga ega bino qurib bitkazildi.

Qurilish ishlari 4 mlrd. 555 mln. 532ming so‘m mablag‘ evaziga pudratchi tashkilot “Temir beton” MCHJ tomonidan amalga oshiilib, qisqa muddatlarda yakunlandi.

Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir” degan fikrni bekorga aytmagan. Sababi, mana shu maskanda inson ma’nan rivojlanib, kamolga yetadi. O‘zini anglaydi.

76-sonli maktabda o‘quvchilarning ta’lim va tarbiya olishi, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etib faol qatnashishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. O‘quvchilarga malakali ustozlar tomonidan berilayotgan bilim va ko‘nikmalar orqali ular turli fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvlarida yuqori natijalarga erishib kelishmoqda.

Jumladan, maktabning 11-sinf o‘quvchisi Go‘zal Qadamboyeva ona tili fanidan, Charos Erkinboyeva esa rus tili fanidan olimpiadaning viloyat bosqichida muvaffaqiyatli qatnashib keldilar. Maktabda o‘quvchilar ma’naviyatini yuksaltirishga, ularni yot g‘oyalardan himoya qilishga qaratilgan ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.

Ushbu tadbirlar nafaqat o‘quvchilarga ma’naviy hordiq ulashishga balki, muqaddas qadriyatlarimizga nisbatan hurmat ruhining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

F.Eshimbetova.