HOKIM YORDAMCHISI AHOLIGA HISOBOT BЕRDI

Туман янгиликлари

Shu kunlarda Amudaryo tumanining barcha ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib boruvchi hokim yordamchilarining 2022 yil davomida amalga oshirgan ishlari sarhisob etilib, joriy 2023 yil uchun yangi rejalarini belgilab olish maqsadida hisobot yig‘ilishlari bo‘lib o‘tmoqda. Ana shunday hisobot yig‘ilishi Farovon mahalla fuqarolar yig‘inida ham o‘tkazildi.

Hisobot yig‘ilishida Farovon MFY raisi Madamin Kazakov, MFY yoshlari yetakchisi Shohruh Ro‘zmatov hamda profilaktika inspektori Rufat Matnazarov, mahalla faollari va yoshlar, hududda faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar ishtirok etdilar.

Ochiqlik va shaffoflik asosida o‘tgan yig‘ilishda kun tartibidagi asosiy masala – mahallada faoliyat olib boruvchi hokim yordamchisi Muqaddas Beknazarovaning 2022 yil davomida amalga oshirgan ishlari va 2023 yil uchun belgilangan rejalar yuzasidan hisoboti tinglandi. Unga ko‘ra, hokim yordamchisining mahalla aholisi hayotiga oid muammolarni tizimli hal etish, “ Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan ishlashishdagi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mahallada hokim yordamchisining shaxsiy tashabbusi va beg‘araz yordami bilan aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan rejaviy tadbirlar ishlab chiqilib, yangidan issiqxonalar tashkil etildi. Tozalangan ichimlik suv shoxobchasi barpo qilindi. Farovon va Yakka tut ko‘chalarining 1,7 km. qismiga shag‘al-tosh yotqizildi. Mahalla hududidagi uzunligi 10 metr bo‘lgan ko‘prikning himoya qismi homiylik yordami va hashar yo‘li bilan ta’mirlandi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahalla bog‘i tashkil etildi. Shuningdek, hududda texnika va texnologiya yo‘nalishlarida faoliyat olib boruvchi tadbirlarlik subyektlari tashkil etilib, “Temir daftari”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar a’zolarining doimiy ish bilan bandligi ta’minlandi.

“Temir daftar” ro‘yxatiga kiritilgan fuqaro Muxtor Kamolovga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan yangidan turar joy qurib berildi. “Ayollar daftari”ning 3-toifasida ro‘yxatda turuvchi Feruza Allaberganova va Rigena Fozilbekovalarning uyi sifatli ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 13 nafar ishsiz fuqarolarga dehqon xo‘jaligi yuritishlari uchun sharoit yaratilib, 2,5 gektar yer ajratib berilishiga ko‘maklashildi. Tikuvchilik yo‘nalishida o‘z tadbirkorligini boshlash istagida bo‘lgan ayol-qizlar o‘qitildi va ularga subsidiyalar ajratilib, tikuv mashinalari olib berildi.

Shuningdek, yakka tadbirkor Gulfiya Xudoyberganova mahallada “Xudoyberganova Gulfiya Gulmirzayevna” oilaviy bolalar bog‘chasini tashkil etdi.

Jami 407 mln. so‘mlik mazkur loyihani amalga oshirishda tadbirkorning 250 mln. so‘mlik o‘z mablag‘iga qo‘shimcha ravishda hokim yordamchisining ko‘magi bilan 157 mln. so‘mlik bank krediti ham yo‘naltirildi. Mazkur MTT tashkil etilishi bilan mahalladagi 5 nafar ayol-qizning doimiy bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, 33 mln. so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i hisobiga tashkil etilgan “Asaloy” go‘zallik salonida ham 5 nafar ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlandi.

Hokim yordamchisining hisobotida qayd etilishicha, homiylarni jalb qilgan holda kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2022 yil davomida aynan shu maqsadlar uchun 9,5 mln. so‘m mablag‘ ajratilib, 6 ta oilaga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. O‘tgan qisqa fursat ichida turli muammoli masalalar bo‘yicha 200 nafar fuqaro qabul qilinib, ularning murojaatlari puxta o‘rganish orqali ijobiy hal etilishiga ko‘maklashildi.

Hisobot yig‘ilishida Muqaddas Beknazarovaning ma’ruzasi yuzasidan muzokaralarda Farovon MFY raisi M.Kazakov, yoshlar yetakchisi Shohruh Ro‘zmatov va boshqalar ishtirok etishib, o‘tgan qisqa davr ichida hokim yordamchisining ko‘magi bilan amalga oshirilgan ishlar haqida o‘z fikrlarini bildirdilar. Shu bilan birga aholi murojaatlari bilan tizimli ravishda ishlash borasidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ham fikr-mulohazalarini, tavsiyalarini bayon etdilar.

Hisobot yig‘ilishi davomida mahalla faollari va yoshlari Farovon mahallasi hududini yanada rivojlantirish, aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan taklif va tashabbuslarini ham o‘rtaga tashladilar. Yig‘ilish ishtirokchilari hokim yordamchisi Muqaddas Beknazarovaning 2022 yildagi faoliyatini qoniqarli deb hisobladilar va 2023 yilga belgilangan rejalar yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini ham bildirdilar.

Hisobot yig‘ilishi yakunida hokim yordamchisining 2023 yil uchun belgilangan yangi ish rejasi bir ovozdan tasdiqlab olindi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.