Bosuv mahallasining yoshlar yetakchisi nimalar bilan band?

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 yanvar kungi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilgan edi.

Jumladan, Amudaryo tumanining ham 49 ta ovul va mahallalarining har biriga 1 nafar yoshlar yetakchisi tayinlandi. Yetakchilar ish faoliyatini boshlaganiga bir yil bo‘ldi. Lekin, mana shu qisqa davrga qaramasdan ular tomonidan yoshlarning muammolarini hal qilish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, bandligini ta’minlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Amudaryo tumanining Bosuv mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi Nigora Bazarbayeva ham o‘z ish faoliyatini boshlagan kundan boshlab mahallasidagi har bir yoshning xonadonida bo‘lib ular bilan birma-bir suhbatlashdi. Suhbatlashish asnosida muammoli yoshlar ruyxatini shakllantirib, hokim yordamchisi bilan hamkorlikda muammolarni hal qilishga kirishdi.

Yoshlar yetakchisining va hokim yordamchisining bevosita ko‘magi bilan mahallaning yosh kelinlari Oyjamol Cho‘tova hamda Tursunoy Matyusupovalar tikuvchilik sexini ochishib, 3 nafar mahalladoshining ham bandligi ta’minlanishiga o‘z hissalarini qo‘shishdi. Ushbu sehda ular turli ko‘rpa va yostiqlarni arzon narxlarda tikib, xalqimizga beminnat xizmat ko‘rsatishmoqda.

Yoshlar bu bilan ham cheklanib qolmasdan hokim yordamchisiga murojaat qilib, 33 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit oldilar. Ular ushbu mablag‘ evaziga o‘z tomorqalarining 2 sotix maydonida issiqxona qurib, poliz mahsulotlarini yetishtirshmoqda.

Yoshlar yetakchisi va hokim yordamchisining ko‘magi bilan o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yoshlardan yana biri Sabohat Tursinbayeva ham 20 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit oldi. Sabohat ushbu mablag‘ evaziga 25 quti asalari sotib olib, asal yetishtirishni boshlab yubordi.

O‘z bobosidan asalarichilikning sir-asrorlarini puxta egallagan Sabohatning asalarilari yil boshida 25 quti bo‘lgan bo‘lsa, yil yakuniga kelib 45 quti bo‘ldi. Bugungi kunda asalarilardan yetishtirilayotgan asallar xaridorgir bo‘lib, bozor rastalarini tabiiy va arzon asallar bilan to‘ldirmoqda.

Mahallada ushbu yoshlardan tashqari yoshlar yetkachisi va hokim yordamchisi ko‘magi bilan 2022 yil davomida bandligi ta’minlangan, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yana 55 nafar yoshlar bor. Ular ham tadbirkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

 Jumladan, 14 nafar yoshlarga imtiyozli kreditlar, 24 nafariga qishloq xo‘jaligi sohasi bilan shug‘ullanishlari uchun yer maydonlari, yana 7 nafariga esa takroriy ekin ekishi uchun yer maydonlari ajratib berildi.

Mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning 37 nafariga ham “Yoshlar daftari” balansidan turli yordamlar ko‘rsatildi.

Yoshlar yetakchisi tomonidan amalga oshirilayotgan buningdek sa’y-harakatlar natijasida mahalla yoshlarining jamiyat hayotiga daxldorligi mustahkamlanib, ertagi kun uchun mas’uliyati ortmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.