QORAQALPOG‘ISTON RЕSPUBLIKASI ADLIYA VAZIRI BIRINCHI O‘RINBOSARI ELMUROD TURSUNOV RAHBARLIGIDA AMUDARYO TUMANIDA SAYYOR QABUL O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

13 fevral kuni Amudaryo tumanining Uyshin mahalla fuqarolar yig‘inida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri Elmurod Tursunov ishtirokida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.

Sayyor qabulda tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘limi boshlig‘i Yesengeldi Utepov, tuman Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Nilufar Jumaniyazova hamda Uyshin mahallasining 50 nafardan ortiq faol fuqarolari ishtirok etishdi.

Undan tashqari, sayyor qabulda tumandagi Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi, Davlat xizmatlari markazi, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari xodimlari va natariuslar qatnashishdi.

Sayyor qabulda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri birinchi o‘rinbosari Elmurod Tursunov so‘zga chiqib, qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini yig‘ilish ishtirokchilariga tushuntirdi. Shuningdek, tadbirkorlar uchun berilayotgan soliq imtiyozlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Shundan so‘ng, fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Qayd etish lozimki, fuqarolardan umumiy 41 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 11 nafari muddat talab etuvchi murojaatlar ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Fuqarolarning elektr energiyasi, elektr simyog‘ochlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim sifati, qurilishi hali ham yakuniga yetmayotgan 75-sonli umuta’lim maktab bo‘yicha, soliq imtiyozlari, uy-joyni rasmiylashtirish, farzandining to‘lov-kontrakti to‘lab berilishi, bo‘yicha qilgan murojaatlari qabul qilinib, qonunchilikda belgilangan muddatda javob yuborilishi ma’lum qilindi.

Undan tashqari, ishsizlik, ijtimoiy nafaqalar tayinlanmaganligi, kadastr va vorislik huquqlari va boshqa masalalar bo‘yicha kelib tushgan 30 ta murojaatga huquqiy tushuntirishlar berildi.

 Shu o‘rinda qayd etish lozimki, bugun har bir fuqaro uchun barcha davlat organlari va tashkilotlarining eshiklari ochiq. Davlat idoralari rahbarlari fuqarolarning murojaatlarini ish xonalarida emas, balki joyiga borib, haqiqiy holatni ko‘rgan va o‘rgangan holda ko‘rib chiqmoqdalar.

Aytish kerakki, sayyor qabullar aholi muammolarini joyida, tez va samarali hal etish imkonini berayotgani, hududlarda yig‘ilib qolgan muammolarni aniqlash va bartaraf etilishida davlat organlari va tashkilotlari oldiga vazifalar qo‘yayotgani bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.