Sobiq Afg‘on urushi jangchilari holidan xabar olindi

Туман янгиликлари

O‘tgan asrning oxirlarida Afg‘onistonda 20 yildan ortiq vaqt davom etgan o‘zaro ichki urush-nizolarda sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan O‘zbekistonimizdan ham minlab yosh yigitlar og‘ir sharoitlarda urushga kirishgan.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2366 nafar Afg‘on urushi qatnashchisi bo‘lib, shundan 89 nafari urush davrida halok bo‘lgan. Afg‘on urushida ishtirok etib, urush asoratlari azoblarini tortib yashayotgan amudaryolik yigitlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Ular o‘zaro tez-tez uchrashib, bir-biridan xabar olib turishadi, yaxshi kunlarda bir-birini yo‘qlab, dorilomon kunlarda yashayotganidan birga quvonishadi.

Yaqinda tumanning Oq oltin ovulida istiqomat qiluvchi Muxtor Yusupovning xonadoniga O‘zbekiston “Veteran” jangchi faxriy va nogironlar birlashmasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi Amudaryo tumanidagi vakili Bahodir Jumaniyozov hamda uyushma a’zolari tashrif buyurishib, Afg‘on urushi qatnashchisining holidan xabar oldilar.

Qadrdonlar to‘kin dasturxon atrofida ishlari, oilasi haqida, mash’um afg‘on urushi xotiralari haqida suhbatlashdilar. Urushda birga ishtirok etgan quroldoshlari, yurtimizga qaytgach, urush asoratlari tufayli bemavrid hayotdan ko‘z yumgan do‘stlarini esga oldilar. Sobiq askarlar bugungiday osuda, tinch hayotda yashayotganiga shukronalar aytdilar.

Mehr-oqibat, do‘st-birodarlik rishtalari mustahkam bog‘langan qadrdonlar diydori har biriga olam-olam quvonch baxsh etdi. Bu bejiz emas. Ularning afg‘on tuprog‘ida inson aqli bovar qilishi qiyin bo‘lgan qonli janglarda ishtirok etishi va eson-omon o‘z oilasi bag‘riga qaytishi har birini bugungiday tinch-osoyishta kunlarni qadrlashga chorlaydi.

Muxtor Yusupov Afg‘on urushi vaqtida o‘zi singari qanchadan qancha o‘zbek yigitlarining ayanchli taqdirini kechagidek eslaydi. U 1981 yil 1 aprel kuni harbiy xizmatga junaydi. U hamda uning safdoshlari to‘g‘ri Nukus aeroportidan Turkamistonning Qizilrabot deb nomlangan hududida, undan keyin Qozonjiq hududida jangavor tayyorgarlikdan o‘tkaziladi.

Shundan so‘ng, ular 1981 yilning 14 aprel kuni Afg‘onistonga − rutubatli jang maydoniga jo‘nab ketishadi. Afg‘onistonda xizmat qildi va inson zoti chidashi qiyin bo‘lgan og‘ir sharoitlarda urushda qatnashdi.

Kelganidan so‘ng, dastlab kalxozda ishchi sifatida undan keyin Qoratov zavodida payvandlash ustasi bo‘lib ishlaydi. Muhtor Yusupov yaqindagina nafaqaga chiqdi. Bugungi kunda uning 3 qiz, 1 o‘g‘li bor. Farzandlarining barchasini kasbli-korli, uyli-joyli qilgan.

Shu kuni O‘zbekiston “Veteran” jangchi faxriy va nogironlar birlashmasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi Amudaryo tumanidagi vakili Bahodir Jumaniyozov hamda uyushma a’zolari Jumurtov shaharchasida yashovchi, yana bir Afg‘on urushi qatnashchisi Anvar Baltabayevning xonadonida bo‘ldilar.

 U ham boshqa safdoshlari singari harbiy xizmatni urush maydonlarida o‘tadi. Anvar Baltabayev goh yerdan, goh osmondan samolyotlar orqali yog‘ilayotgan o‘qlar, bombalardan necha-necha safdoshlari parchalanib ketib halok bo‘lganiga guvoh bo‘ladi. Uning tolei kulgani shuki, harbiy xizmat muddatini eson-omon o‘tab, yurtimizga qaytdi.

Hozirgi kunda o‘z mehnatlari bilan o‘z oila qo‘rg‘onini obod etib, umr yo‘ldoshi, farzandlari, kelinlari, nevaralari ardog‘ida yashayotgan sobiq afg‘onchi jangchi. U urush asoratlari sog‘lig‘iga jiddiy shikast yetkazgan bo‘lsa-da, hech nolimaydi. Qancha do‘stlarining murdasi temir tobutlarda qaytgan, qancha do‘stlarining hatto jonsiz tanasi ham qaytmagan o‘sha bemaqsad urushdan sog‘-omon ota-onasi oldiga kelganidan, nasibasi yurtimizga qo‘shilganidan quvonadi, tinmay shukronalar aytadi.

Quroldosh do‘stlar davrasida ham bunday hayotiy xulosalar tez-tez tilga olinadi. Bir-biriga dalda berishadi, sog‘liq tilashadi, sog‘-omonlikda diydorlashganidan xursand bo‘lishadi. Yurtimizda afg‘on urushi ishtirokchilariga berilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rliklardan mamnun bo‘lishadi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.