Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosarining sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, turmush sifati va farovonligini oshirish uchun avvalo, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda xalq bilan ochiq muloqotlar olib borilib, insonlar huquq hamda manfaatlarini ta’minlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib sharoitlar yaratilayotir.

Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan xalq bilan ochiq muloqotlar, o‘tkazilayotgan sayyor qabullar va xalq hayotini xonadonma-xonadon yurib o‘rganishlar mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish yo‘lida muhim vosita bo‘lmoqda.

Aholining turli qatlamlari bilan muloqot qilish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan tezkor va aniq choralar ko‘rish maqsadida 2 mart kuni Amudaryo tumanidagi 9-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Rajabboy Nurazizovning sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.

Sayyor qabulda sektorlar rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan banklar filiallari, mutasaddi tashkilot rahbarlari hamda o‘zlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan murojaat qilish maqsadida tashrif buyurgan faol fuqarolar ishtirok etishdi.

Sayyor qabulda fuqarolardan yo‘llarga tosh yotqizish, simyog‘ochlarni almashtirish, transfarmator o‘rnatish, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, safarbarlik chaqiruvi rezervi badalini qoplab berish, subsidiya asosida tikuv mashinasi olish, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab berish, shuningdek, Amudaryo tumanida ishlovchi xodimlarga ham ekologik konpensatsiya qo‘shilishi zarurligi kabi masalalarda jami 21 ta murojaat kelib tushdi.

Qabulda farzandi oliy ta’lim mussasasida to‘lov-kontark asosida ta’lim olayotgan, kontrakt to‘lovini to‘lashga oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmayotganini aytib murojaat qilgan fuqaroning yashash sharoiti o‘rganib chiqilib, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilovga 1 hafta ichida kontrakt to‘lovini belgilangan tartibga asosan qoplab berish va tegishli yordam ko‘rsatish topshirildi. Sayyor qabulda kelib tushgan aksariyat murojaatlar muddat talab qilishi sababli qonunda ko‘rsatilganidek vaqt belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, bugun har bir fuqaro uchun barcha davlat organlari va tashkilotlarining eshiklari ochiq. Davlat idoralari rahbarlari fuqarolarning murojaatlarini ish xonalarida emas, balki joyiga borib, haqiqiy holatni ko‘rgan va o‘rgangan holda qabul qilmoqdalar.

Davlat idoralari rahbarlarining xalq bilan muloqot qilib, ularning muammolarini hal qilish, dard-u tashvishlarini tinglash bo‘yicha amalga oshirilayotgan bu kabi sayyor qabullar xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatlidir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.