ISHCHI GURUH “YASHIL MAKON” UMUMMILLIY LOYIHASI DOIRASIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISHLAR BILAN TANISHDI

Туман янгиликлари

2021 yilning 2 noyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, mazkur loyiha doirasida mamlakat bo‘yicha yiliga 200 million tup daraxtlar va butalar ko‘chatlarini ekish belgilangan edi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad respublika hududida yashil maydonlar hududini ko‘paytirishdir. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jonlantirish, daraxtlar muhozafasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni esa daraxtlarni ekish va parvarish qilish sohasidagi, hududlarning tuproq-iqlim va boshqa xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot va tahlillarni o‘tkazish shu asosda ekiladigan ko‘chatlarni tanlash, ko‘chatxonalarni ko‘paytirish sohasidagi vazifalar belgilab berilgan.

Amudaryo tumanida ham loyiha doirasida hududimiz iqlim sharoitiga mos mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlari, gul va butalar ko‘chatlari ekish, parvarishlar borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Xalq deputatlari tuman Kengashining tegishli qaroriga asosan 2022 yil kuz mavsumida loyiha doirasidagi ko‘chat ekish ishlariga jami 500 million so‘m pul mablag‘i ajratilgan. Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 320 million, tuman Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli muassasalar tomonidan 100 million, tuman Maktabgacha bo‘lim tomonidan 80 million so‘mlik ko‘chatlar ekilgan.

Shuningdek, joriy yilning bahorida tumanimiz hududiga 770 ming dona mevali va manzarali daraxtlar, butalar, gullar ko‘chatlarini ekish rejashtirilgan. Shuning 8 ming tupi umumfoydalanishdagi yo‘llar bo‘ylariga, 48 ming tupi qishloq xo‘jaligi yerlarida ihota daraxtzorlar barpo etiladigan yerlarga, 210 ming tupi fermer xo‘jaliklarining ekin maydonlari chetlariga, qolganlari ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqada muassasalar, idoralar atroflariga ekilishi belgilangan.

Bu boradagi ishlarning borishi bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida tuzilgan ishchi guruh tumanimizga tashrif buyurdi.

Ishchi guruh a’zolari dastlab tumandagi umumfoydalanishdagi yo‘llar chetlariga, korxona-tashkilotlar hududlariga ekilgan mevali, manzarali daraxtlarning o‘sishi, muhofaza qilinishi, sug‘orish tizimlarining yo‘lga qo‘yilishi ahvoli bilan tanishdilar.

Keyingi manzil Qipchoq davlat o‘rmon xo‘jaligida bunyod etilayotgan yashil maydonlar bo‘ldi. Ishchi guruh a’zolari xo‘jalikda o‘tgan yillarda ekilgan daraxtlar ko‘chatlarining holati bilan tanishdilar. Keyin xo‘jalik ko‘chatxonasida ko‘chat yetishtirish ishlarining borishi bilan qiziqdilar.

E’tirof etish joizki, mazkur xo‘jalikda tumanimizda yashil maydonlarni ko‘paytirish uchun ochiq va issiqxona sharoitida ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Jiyda, tut, terak, qayrog‘och, archa va boshqada ko‘pgina daraxtlarning hamda ko‘pyillik gullarning ko‘chatlari mazkur xo‘jalik ko‘chatxonalarida yetishtirilayapti.

Hozirgi kunda tumanimiz hududida iqlim sharoitimizga mos virgin archasi, sharq tuyasi, yapon saforasi, katalpa, shumtol, jiyda, tut, zarang, akatsiya, terak, yong‘oq, uzum qalamchalarini ekish ishlari boshlanib ketdi.

Ishchi guruh a’zolari tumanimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdilar.

Oygul RAJABOVA.