YANGILANAYOTGAN KONSTITUTSIYADA FUQAROLARNING BЕPUL TIBBIY YORDAM OLISHI KAFOLATLANGAN

Туман янгиликлари

O‘zbekiston xalqi juda muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon – yangilanayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi qabul qilinadigan kun ostonasida turibdi. Ushbu hujjatda mamlakat fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘la aks etgan, barcha sohalarni taraqqiy ettirish yo‘l-yo‘riqlari o‘z ifodasini topganligni aholi tomonidan haqli e’tirof etilmoqda. Shunisi e’tiborliki yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etdi va Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanmoqda.

Bunday o‘zgarishlar orasida bizning sohamizga oid bandlar ham borligi, ular aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ijtimoiy ta’minot miqdorini ko‘paytirish ko‘zda tutilayotganligi shifokor sifatida meni juda quvontiradi. Yangi o‘zgarishlar fuqarolarning turmush darajasini yaxshilash, sog‘lig‘ini, mehnat filish salohiyatini saqlagan holda jamiyatning hech bir a’zosining e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlaydi.

Konstitutsiyaning 48-moddasi ikkinchi qismiga “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning  kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli”, degan norma kiritilayotgani – har bir fuqaroga davlat hisobidan bepul tarzda, kafolatli, sifatli tibbiy yordam olish huquqini kafolatlaydi. Ixtisoslashgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yo‘llanma elektron navbat asosida berilayotganligi, eng muhimi – mablag‘lar shifoxonaga emas, balki aniq bemorga ajratilayotganligi bu inson omiliga e’tibor va g‘amxo‘rlikning namunasidir.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada 27 ta yangi modda  kiritilib, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda, amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda. Va bu o‘zgarishlar kelgusida mamlakatimiz aholisining emin-erkin, obod va farovon hayotini, barcha sohalarning taraqqiyot yo‘lini belgilab bermoqda.

Ushbu muhim hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qaroriga ko‘ra “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi referendumga qo‘yilmoqda.

Men barcha tibbiyot xodimlarini, tumanimiz fuqarolarini 30 mart kuni o‘tkaziladigan umumxalq referendiumida faollik bilan ishtirok etishga, o‘zgarishlarni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman.

Jumaboy YAVQASHЕV, tuman Tibbiyot birlashmasi shifokori.