OCHIQ MULOQOT TADBIRI PЕDAGOG XODIMLAR UCHUN YANGI KONSTITUTSION NORMALAR YUZASIDAN TUSHUNCHALAR TAQDIM ETMOQDA

Туман янгиликлари

Joriy yilning  6 aprel kuni Amudaryo tuman halq ta’lim bo‘limiga qarashli 82-sonli umumta’lim maktabining majlislar zalida Mang‘it shahri va shahar atrofi maktablarining direktorlari va direktor o‘rinbosarlari ishtirokida “Yangilanayotgan Konstitutsiyada fuqarolarning huquqiy himoyasi” va “Pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlash bilan bog‘liq qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati”ni tushuntirish yuzasidan ochiq muloqot tarzidagi tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining raisi Asqar Safarov, Nukus tumanlararo ma’muriy sudining raisi Bekbauli Dosimbetov, Amudaryo tuman hokimligi mas’ul xodimlari va Amudaryo tuman halq ta’lim bo‘limiga qarashli 82-sonli maktab direktori Zafar Aqmanovlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining raisi A.Safarov tadbirni ochib, Yangilanayotgan Konstitutsiyada fuqarolarning ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytirilayotganligi, bundan keyin o‘qituvchilar Konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘lishi, ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar ta’lim sohasiga oid ko‘plab modda va normalarda o‘z ifodasini topayotgani, ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 baravarga oshayotganligini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.

Jumladan, fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish huquqi qat’iy belgilab qo‘yilayotgani, xususan, 2017 yilgacha oliygohlarda o‘qish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelgan bo‘lsa, oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay o‘zgarib, grantlar soni 2 baravar ko‘paygani va 40 mingtaga yetganini, Magistratura uchun esa 5 baravar ko‘payganligini ta’kidladi.

Darvoqe, yangilanayotgan Konstitutsiyada nogironligi bor bolajonlarimizga o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilmoqda va bunday imkoniyatlar inklyuziv ta’lim sifatida Konstitutsiyaga kiritilmoqda.

Konstitutsiyada davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirilayotgani haqidagi norma o‘qituvchining jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obro‘sini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir davomida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining raisi Asqar Safarov yana bir muhim yangilik – davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi xususidagi Konstitutsiyaviy norma haqida, shuningdek, bola huquqlari, har kim mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqi to‘g‘risidagi normaning Konstitutsiyada belgilanishi aholi turmush darajasini yaxshilashda va mamlakatimizda ijtimoiy adolatni ustuvor qadriyatga aylantirishda muhim ahamiyatga egaligini alohida ta’kidladi.

Asqar Safarov loyihada homiladorligi yoki bolasi borligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra, ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi, fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish, bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, ahloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi, pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi xususidagi Konstitutsiyaviy normalar haqida batafsil tushunchalar berdi.

Shundan so‘ng, Nukus tumanlararo ma’muriy sudining raisi Bekbauli Dosimbetov mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish, ayniqsa, pedagog xodimlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga jalb etish hollari davom etayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksiga pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritilayotgani, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksida pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik, shuningdek, ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilayotgani xususida batafsil so‘z yuritdi.

Ushbu Qonun ta’lim tashkilotining pedagog xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishi haqida zarur tushunchalar berdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar va tegishli javoblar oldilar. Qiziqarli va munozaralarga boy tarzda o‘tgan ochiq muloqot tadbiri pedagog xodimlar uchun Yangilanayotgan Konstitutsiya va unga kiritilayotgan xalqparvar normalar mazmun-mohiyati yuzasidan zarur tushunchalarga ega bo‘lishlarida muhim ahamiyat kasb etdi.