“Yangi Konstitutsiya− xalq dardiga quloq soluvchi davlat asosi!

Туман янгиликлари

Ayni kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab umumxalq Referendumi oldidan “Yangi Konstitutsiya − xalq dardiga quloq soluvchi davlat asosi!” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari, konsert dasturlari o‘tkazilmoqda. Ularda jamoat arboblari, estrada yulduzlari, sportchilar, davlat idoralari vakillari, tadbirkorlar, iqtidorli yoshlar chiqish qilmoqda.

Mana shunday targ‘ibot tadbiri Amudaryo tumanida ham o‘tkazildi.

10 aprel kuni tumanning chekka hududlaridan biri bo‘lgan Xolimbeg ovuli hududida joylashgan 35-sonli maktabda yangilanayotgan Konstitutsiya targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda respublika ishchi guruh azolari- “Oila va xotin-qizlar” ilmiy tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Oynisa Musurmanova, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash, muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti professori, pedagogika fanlari doktori Z.Ismailova, O'zbeksiton davlat san'at va madaniyat instituti pedagogika va psixologiya kafedrasi mudiri M.Abdujabbarova, iqtidorli yoshlar, pedagog xodimlar, faol ayol-qizlar hamda  mahalla ahli ishtirok etishdi.

Tadbirda ishchi guruh azosi, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Oynisa Musurmanova ma’ruza qildi.

U yangilanayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi matnining 50- va 52-moddalarida maktab  va maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha qator huquqiy asoslar keltirib o‘tilganini qayd etib, 30 aprel kuni barchani o‘z kelajagimiz va haq-huquqlarimiz kafolati uchun ovoz berishga chaqirdi.

Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Maryam Ahmedova Yangilanayotgan Konstitutsiya mamlakat rivoji, aholining tinch va farovon turmush kechirishi, yurtning taraqqiy etishi uchun muhim huquqiy asos ekanini ta’kidlab o‘tdi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada davlat tuzilishi, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimi, ularning vakolat hamda majburiyatlari, shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimi hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlari yanada aniq va ravshan belgilab berilgani alohida e’tirof etildi.

Tadbir davomida “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Barno Samandarova Konstitutsiyamizning 44-moddasida majburiy mehnat, bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan har qanday bolalar mehnati taqiqlanayotganini ta’kidladi. U o‘z nutqida 30 aprel kungi Referendumda tengdoshlarining va o‘zining haq-huquqlari mustahkam kafolatlab qo‘yilayotgan Yangilanayotgan Konstitutsiyamizga ovoz berishini ta’kidladi va yoshlarni ham shunga chorladi.

Targ‘ibot tadbirida Xolimbeg ovulidagi maktabgacha ta’lim muassasi tarbiyalanuvchilari, 17-, 35-sonli maktablarning iqtidorli o‘quvchilari tomonidan ona Vatan, tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi go‘zal kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamalarida jami 222 ming 715 ta takliflar kelib tushgan va ularning 25 foizi loyihaga kiritilgan. Loyihani tayyorlashda 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin davlat tajribasi o‘rganilgan. Yangilanayotgan Konstitutsiya moddalari 128 tadan 155 taga ko‘payib, normalar 275 tadan 434 taga oshmoqda hamda Asosiy Qonunimizda O‘zbekiston huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat ekanligi belgilab qo‘yilmoqda.