“SЕNI SOG‘INDIK, BAHOR!” SHIORI OSTIDA O‘TKAZILAYOTGAN “KINOKARVON” MANG‘ITDA BO‘LDI

Туман янгиликлари

Yurtimizda Kinematografiya agentligi tomonidan e’lon qilingan “Seni sog‘indik, bahor!” shiori ostida “Kinokarvon” aksiyasi o‘tkazilmoqda. Respublikaning barcha hududlarida aksiya doirasida bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarda taniqli rejissyorlar, operatorlar, aktyorlar va aktrisalar ko‘psonli muxlislari bilan uchrashib, kino sohasidagi yangiliklar, so‘nggi yillarda suratga olinayotgan badiiy va hujjatli filmlar, ularda aks ettirilayotgan mavzu va g‘oyalar, sohaga doir yangiliklar haqida qiziqarli suhbatlar uyushtirmoqdalar hamda eng sara filmlarni namoyish etmoqdalar.

Kinokarvon aksiyasi ishtirokchilaridan bir guruhi 11 aprel kuni Amudaryo tumaniga ham tashrif buyurishdi. Mehmonlar Mang‘it shahridagi tuman Madaniyat bo‘limi muhtasham binosi oldida karnay-surnaylar sadosi ostida qarshi olindi. Kinoijodkorlarga ostonada xalqimizning odatiga ko‘ra non tutildi. Aziz mehmonlar bayramona bezatilgan bino ichkarisida taklif etildi. Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev va boshqa mas’ullar hamrohligida ularning tomoshalar zaliga kirib kelishlarini ko‘psonli kino muxlislari qarsaklar bilan olqishlab turdilar.

Kinematografiya agentligining “Kino san’ati” jurnali direktori Saydulla Rajabov, kinorejissyor Rustam Sagdiyev, teatr va kino rejissyori Farhod Mahmudov, aktrisa Anjelika Yesimbayeva, aktrisa Shaxsanem Abdijamilova, operator Lochin Ibragimovlardan iborat ijodiy guruh bilan diydorlashuv mang‘itliklarda o‘chmas taassurotlar qoldirdi.

Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev so‘zga chiqib, “Seni sog‘indik, bahor!” shiori ostida respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan kinokarvon aksiyasi doirasida kinoijodkorlarning tumanimizga tashrifi uchun ularga chuqur minnatdorchilik bildirdi, ijodiy ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi va ushbu uchrashuv amudaryolik kinoixlosmandlar uchun unutilmas taassurotlar hadya etishini ta’kidladi.

Aksiya ishtirokchilari Kinematografiya agentligi tomonidan ishlab chiqarilayotgan yangi badiiy va hujjatli filmlar, kino sohasidagi yangiliklar va yangi suratga olingan filmlarning xalqaro festivallarda namoyish etilib, yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘layotgani, nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritayotgani haqida, shuningdek, “Kinokarvon” aksiyasining tomoshabinlarga yangi badiiy, hujjatli filmlarni targ‘ib etishdagi o‘rni haqida tomoshabinlar bilan samimiy suhbatlashishdi.

Yorqin taassurotlarga boy suhbat so‘ngida kinoijodkorlar ayni kunlarda butun mamlakat bo‘ylab davom etayotgan “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki. Konstitutsiya o‘zimizniki!” shiori ostida o‘tayotgan referendumoldi tadbirlar, amaldagi Konstututsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Uchrashuvda tomoshabinlarni qiziqtirgan kino sohasiga oid savollarga batafsil javoblar berildi. Shundan so‘ng o‘zbek kinoijodkorlari mehnati mahsuli bo‘lgan “Baron-2. Sog‘inch” badiiy filmi namoyish etildi.

Yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini saqlash yo‘lidagi mardlik, fidoyilik, Vatanga sadoqat ulug‘langan film barchada ulkan taassurotlar qoldirdi.

Oygul RAJABOVA.