TOMORQA – XALQIMIZ UCHUN HAQIQIY TA’MINOT MANBAIGA AYLANMOQDA

Туман янгиликлари

Aholining kundalik ehtiyoji uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishida tomorqa xo‘jaliklarining ahamiyati katta. Shu bois, Amudaryo tumanida tomorqa xo‘jaligi faoliyatini rivojlantirish, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarni ixtisoslashtirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli ovul va mahallalarda “dala do‘konlari”, o‘rta va kichik  sig‘imli muzlatgichli omborxonalar, poliz va sabzavot ekinlarining ko‘chatlarini yetishtiruvchi yengil konstruksiyali issiqxonalar tashkil etilayotgani o‘zining samarasini bermoqda.

Joriy 2023 yilda Amudaryo tumanidagi 39853 ta tomorqa va  295 ta dehqon xo‘jaliklari ixtiyoridagi 6652,2 gektar ekin maydonlaridan unumli foydalanish maqsadida tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi mutaxassislari tomonidan aniq yo‘naltirilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, 2023 yilda  5807,3 gektar maydonga ertagi ekinlarni, jumladan, 2731,1 gektarga sabzavot, 758,1 gektar yerga poliz, 869,2 gektar kartoshka, 422,1 gektar dukkakli, 160,9 gektar maydonga moyli ekinlarni ekish rejalashtirilgan. 865,2 gektar yerga esa boshqa zarur ekinlarni joylashtirish belgilandi.

Ayni paytda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan 2023 yil hosili uchun 1141,2 gektar maydonga piyoz, sarimsoqpiyoz ekildi. Aholi tomorqalaridagi 1183 ta issiqxonalarda ertagi poliz va sabzavot ko‘chatlari yetishtirilib, ichki bozorga to‘liq yo‘naltirilmoqda. Bundan tashqari, 49 ta ovul va mahallalardagi aholi tomorqalarida jami 10,5 gektar maydonda har biri 1-1,5 sotixli 804 ta issiqxonalar tashkil etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bugungi kunda 421 ta ana shunday issiqxonalar qurilib, egalariga topshirildi.

“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida 21 ta mahallani ixtisoslashtirish, har bir sektorda 2 tadan mahalla, 16 ta ko‘cha va 521 ta xonadonning tomorqa xo‘jaliklarini namunali talablar darajasiga yetkazish rejalashtirilgan va shu asosda ish olib borilmoqda.

Shuningdek, tuman aholisini sifatli poliz va sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilash maqsadida jami 12 ta mahallada, shundan 8 ta aholi gavjum yashaydigan mahallalarda yengil konstruksiyali “dala do‘konlari” va kichik sig‘imli muzlatgich omborxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Xalqimizning uzumga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida joriy yilning o‘zida 6000 ta xonadonning ko‘cha va hovli chetlariga uzum ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytgacha 4900 ta xonadon hovlisi va ko‘cha qismiga uzum toklari ekildi.

Aholi tomorqasidan samarali foydalanish maqsadida xonadon chorvasi, xonadon parrandasi, shuningdek, quyonchilik, qo‘y-echki, qoramol boqish va asalarichilikni rivojlantirish borasidagi ishlar ham samarali tashkil etildi. Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida, bugungi kunda 513 ta xonadon tomorqasida 51300 bosh parranda parvarishlashni yo‘lga qo‘yish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu rejaga ko‘ra, aholiga parrandalarni yetkazib berish uchun uchta ta’minotchi korxonalar biriktirildi. Ayni paytda 1223 ta xonadonning har birida kamida 65 bosh parranda boqish yo‘lga qo‘yilib, buning natijasida 1223 ta ish o‘rni yaratildi.

Tomorqa xo‘jaliklariga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida 8 ta “Tomorqa xizmati” MCHJ tashkil etildi. “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida “Amudaryo tomorqa xizmat” MCHJ klaster korxonasi tomonidan 6340 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari olib kelinib, tomorqa yer egalariga arzon narxlarda yetkazib berildi.

Tomorqa yer egalarining yerdan unumli foydalanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tomorqani xalqimiz uchun haqiqiy ta’minotchi korxonaga aylantirishlariga ko‘maklashish maqsadida Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi huzuridagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini  qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilayotgani tomorqa yer egalari uchun qulay imkoniyatlar yaratib, ularning mo‘l-ko‘l daromad olishlarini ta’minlamoqda.

Ilhom POLVONOV,

tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va

tomorqa yer egalari Kengashi raisi.