BU YILGI HOSIL UCHUN ASOSIY EKIN MAYDONLARI TAQSIMLANDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida sug‘oriladigan yerlarda qishloq xo‘jaligi ekinlari fermer xo‘jaliklari ixtisoslashuvi va takliflarini, ichki va tashqi bozor talablarini, hududlarning tabiiy iqlim sharoitini, suv bilan ta’minlanganlik darajasini, yer maydonlarining meliorativ holati va tuproq unumdorligi ko‘rsatkichlarini hamda moddiy-texnika, mehnat va boshqa resurslar bilan ta’minlanganlik darajasini tahlil qilish orqali oqilona joylashtiriladi.
Tumanda 2023 yil hosili uchun ham asosiy yer maydonlariga g‘alla, paxta, sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari, mosh, soya, kunjut, kun-gaboqar, ozuqa ekinlari ekilmoqda.
Shundan: g‘alla 7000,9, paxta 15608,4, sabzavot 904, kartoshka 300,7, poliz 559,3,  mosh 731,6, soya 270,6, kun-jut 981,6, kungaboqar 290,8, ozuqa ekinlari 2674,1 gektar yerga ekilmoqda.  
Shuningdek, yangi bedazor tashkil etish uchun 417,8,  yangi uzumzor va tutzor tashkil etish uchun 155,6  va boshqa ekin turlari uchun 23,6 gektar yer maydonlari ajratilgan.
Aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirib, oilaviy daromadlarini oshirishi uchun 669 gektar yer maydonlari ajratildi. Shundan bugungi kungacha 451 lot, 317,7 gektar yer maydonlari ularga to‘liq ajratib berildi. Qolgan yer maydonlari esa auksionga qo‘yildi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, bu yerlarga "Bir mahalla – bir mahsulot" tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish ishlari amalga oshirilmoqda.
Undan tashqari, 2023 yil hosili uchun yerdan unumli foydalanish, muayyan muddat davomida almashlab ekish maqsadida ekinlardan bo‘shagan yerlarning 522,1 gektariga sabzavot, 243,5 gektariga kuzgi kartoshka, 155 gektariga poliz mahsulotlari, 746,9 gektariga mosh, 209 gektariga kunjut, 82 gektariga kungaboqar, 139,2 gektariga sholi, va 1435,1 gektariga boshqa ozuqa ekinlari ekiladi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Bozorlarimiz to‘kin, xalqimiz rizqi mo‘l-ko‘l bo‘lishidan tortib, eksportdan qo‘shimcha daromad topishgacha bo‘lgan juda ko‘p masalalar shu yo‘nalish rivojiga bog‘liq.
Tumanimizning jonkuyar fermerlari, bobodehqonlari esa qishloq xo‘jaligida ilmiy asoslangan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlab, eksport salohiyatini oshirish orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan mahsulotlar hajmini bir necha barobarga ko‘paytirish yo‘lida bor kuch va mehnatini safarbar qiladi.


Bahodir Qurboniyozov, tuman Qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i.