2021-2022 o‘quv yilida Oliy ta’lim muassasasini tamomlagan bitiruvchilarni va ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Yurtimizda aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hisobidan yangi ish o‘rinlarini yaratish, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Sababi, mamlakatimizda xotin-qizlar faolligini oshirish, mustaqil hayotga kirib kelayotgan yoshlarni ish bilan ta’minlash har doimgidan-da dolzarb ahamiyat kasb etadi.

13 aprel kuni Amudaryo tumanida tuman prokuraturasi va Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda 2021-2022 o‘quv yilida Oliy ta’lim muassasasini tamomlagan amudaryolik ishsiz bitiruvchi yoshlarni va ish izlayotgan fuqarolar bandligini ta’minlash maqsadida “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” o‘tkazildi.

Yarmarkada tumandagi 75ta korxona va tashkilotlar 138ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Yarmarkaga tumandagi turli ovul va mahallalardan jami 63 nafar fuqaro kelib ishtirok etdi.

Ular mehnat bozoridagi takliflar bilan yaqindan tanishib, tumandagi korxona, tashkilot va muassasalardagi bo‘sh ish o‘rinlari, ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoit, ijtimoiy himoya va oylik maoshlari haqidagi ma’lumotlarni batafsil o‘rgandilar.

Yarmarka ishtirokchilaridan 4 nafari mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘llanma orqali ishga joylashtirildi.

23 nafar bitiruvchiga Oliy ta’lim muassasalarida tugatgan mutaxassisligi bo‘yicha o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha maslahat berildi. Ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun imtiyozli kredit olishi va asbob-uskuna uchun subsidiyalar ajratilishida amaliy yordam beriladigan bo‘ldi. 1 nafar fuqaro esa tumandagi 4-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga qorovul lavozimiga ishga joylashtirildi.

Mehnat yaramarkasida bo‘sh ish o‘rinlarining aksariyati Oliy ta’limni bitirgan yosh mutaxassislarga mo‘ljallanganini ham alohida ta’kidlash lozim.

Bitiruvchilarning 1 nafari tuman tibbiyot birlashmasiga navbatchi hamshira lavozimiga, 1 nafari Amudaryo tumani Obodonlashtirish boshqarmasiga brigadir, yana 1 nafari elektro payvandchi vazifalariga ishga joylashtirildi. Yarmarkada taklif etilgan ish o‘rinlarining yarmidan ortig‘i tadbirkorlik subyektlari hissasiga to‘g‘ri kelgani tumanda bandlik masalasini hal etishda kichik biznes vakillarining ulushi ortib borayotganidan dalolatdir.

Shu o‘rinda aytish kerakki, tumanda “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, ularni ijtimoiy-huquqiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta’minlash ishlari samarali tashkil etilmoqda.

Yarmarkada ishtirok etgan “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarning ham bandligi ta’minlandi. “Ayollar daftari”ning 4-bosqichi 1-toifasiga kiritilgan 13 nafar xotin-qizlar haq to‘lanadigan jamoat ishlariga, 23 nafar fuqaro esa kasbga o‘qitishga yo‘naltirildi.

Yarmarka davomida ish izlovchi fuqarolarga malakali mutaxassislar tomonidan bandlik sohasida qiziqtirgan masalalar bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berilib, huquqiy va amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.