Yangilanayotgan Konstitutsiya yoshlar nigohida

Туман янгиликлари

Yangilanayotgan Konstitutsiya biz yoshlar hayotida yangidan yangi sahifalar ochmoqda.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan bugunga qadar 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi. Quvonarlisi, ushbu takliflarning 60 foizdan ortig‘i bevosita yoshlar tomonidan berilganidir. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda yoshlarga oid qator normalar, hatto bitta alohida bob “Oila, bolalar va yoshlar” masalasiga bag‘ishlandi. Jumladan, XIV bobning 79-moddasida “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.” Deb keltirib o‘tilgan.
Shu o‘rinda aytish kerakki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifalari qatoridan joy olmoqda. Davlat endilikda nafaqat umumiy o‘rta ta’lim, balki boshlang‘ich professional ta’lim olishni ham bepul bo‘lishini kafolatlaydi. Bundan tashqari, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiyaning ta’minlanishi muhim yangiliklardan biri bo‘layotir. Bu hali hammasi emas.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 80-moddasida  voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amho‘rlik qilishga majburdirlar deb belgilab qo‘yilgan. Bunday normaning belgilanishi albatta oilaviy qadriyatlarning yanada mustahkamlanishida muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda yangilangan Konstitutsiya jamiyatimiz hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevor bo‘lib hisoblanadi.
Yoshlar vakili sifatida shuni aytishim mumkinki, yoshlar mamlakati bo‘lgan O‘zbekistonda biz uchun barcha imkoniyat eshiklari doimo ochiq. Mana shu imkoniyatlarning qonuniy mustahkamlab qo‘yilishi esa yoshlarimizga yanada o‘zgacha shijoat va ruh bag‘ishlaydi.  

S. Ismoilov.
Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i.