Birovga bildirmay yaxshilik qilganlar

Туман янгиликлари

Adabiyot, sheʼriyat, badiiy asarlar insonlar ong-u tafakkurini oʻstirib, ularni maʼnaviy ozuqa bilan taʼminlovchi asosiy vositadir. Xususan, sheʼriyat sohasini oladigan boʻlsak, shoirlar lugʻatimizdagi oddiy soʻzlarni ham xuddi zargar toshga ishlov berib, sayqallab uni olmosga aylantirgani kabi, soʻzlarni ham ana shunday jozibador koʻrinishga keltira oladi. Balki sheʼrdagi soʼzlar olmos kabi koʻzni qamashtirmas, lekin u qalblarni tub-tubigacha kirib bora oladi.

        «Sheʼr yozish ham birovga bildirmay yaxshilik qilishday gap»,- degan edi Muhammad Yusuf. Shoir bu borada haq gapni aytdi. Shunday sheʼrlar boʻladiki, ularni oʻqisangiz qalbingiz taskin topadi. Xuddiki sizni qiynab turgan dardlaringizni biladi-yu sizga tasalli berayotgandek, yoinki yuragingiz tubidagi ogʻriqlaringizga malham boʻlgandek tuyuladi, oʻsha toʻrtliklardagi billurdek terilgan, zanjir kabi ulangan soʻzlar. Yaqin insoningizga aytolmagan dil soʻzlaringizni sheʼr orqali ularga izhor qilasiz. 

         Sheʼr yozish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Bu ishni faqat odamlar orasidagi ayrim toifa vakillarigina uddalay oladi. Birinchi toifada Alloh tomonidan inʼom etilgan ilohiy isteʼdod egalari boʻlsa, ikkinchi toifadagilar yuragida dardi bor insonlardir. Birinchi toifada kiruvchi ilohiy isteʼdod sohiblari sheʼriyat boʻstonida alohida oʻringa ega. Chunki ular tomonidan tuhfa etiladigan sheʼriy satrlar oʻquvchini bir zumda oʻziga rom etib, yurak-yuragigacha kirib boradi. Ilohiy isteʼdod egasiga naʼmuna sifatida Muhammad Yusuf sheʼriyatini keltirishimiz mumkin. Andijon farzandi Muhammad Yusuf 1954-yil 26-aprelda tugʻilgan. U oʻzining xalqchil, sodda tilda yozilgan purmaʼno sheʼrlari bilan sheʼriyat shaydolari qalbida oʻchmas iz qoldira oldi.

       Shoir oʻz sheʼrlarida vatanga muhabbat, mehr-oqibat, doʻstlik, ishq, sevgi kabi tuygʻularni tarannum etadi. Shoir ijodiy faoliyati davomida oʻndan ortiq kitoblarni muxlislariga taqdim etadi. Shuningdek koʻplab sheʼrlari xalqimizning taniqli xonandalari tomonidan kuylanib, yurtdoshlarimiz qalbidan chuqur joy olishiga hissa qoʻshishdi.

Bir qarashda oddiydek koʻringan voqealikni oʻziga xos tarzda, badiiy til vositalaridan toʻgʻri va oʻz oʻrnida foydalana olishi bilan boshqa hamkasblaridan ajralib turgan. Oddiy soʻzlar orqali qalbidagi soʻzlarni ifoda etgan ijod mahsulidan kichik naʼmuna.

Mendan nima qolar ikki misra sheʼr

Ikki sandiq kitob bir uyum tuproq.

Shoir tagʼkidlaganidek undan qolganlari ikki misra sheʼr, ikki sandiq kitob, otashin yuragi va soʻnmas xotirasidir. Bularning barchasi mudom biz bilan hamon yodimizda!


Shahnoza Madiyorova. Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi