Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash yo‘lida

Туман янгиликлари

Prezidentimiz tomonidan shu yilning 31 avgustida imzolagan “Qoraqalpog‘iston Recpublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishning yangi dasturi belgilab berildi. Ushbu farmonlar asosida Respublikamizda keng ko‘lamli invistitsion loyihalar amalga oshirilib, qurilish ishlari olib borilmoqda, yangidan yangi tadbirkorlik subyektlari ishga tushirilmoqda.

Prezidentimiz respublikadagi mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash, aholining turmush sharoitini yuqori darajaga ko‘tarish maqsadida aniq belgilangan chora-tadbirlarni belgilab berdilar.

Shu maqsadda 2022 yil 6 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, qulay biznes muhitini yaratish, innovatsion texnologiyalarini joriy etish va infratuzilmalar bilan ta’minlanganlik darajasini yanada yaxshilash orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumanida jami 24 km uzunlikdagi ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lsada, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi qo‘shimcha ravishda yana 13 km yo‘lni ortig‘i bilan ta’mirlashni reja qilgan. Aniqroq aytganda, endilikda tumanda jami 37 km ichki xo‘jalik yo‘llari ta’mirlanadi. Buning uchun davlat budjetidan 2 mlrd. 964 mln so‘m mablag‘ ajratilgan.

Aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu qarorning qabul qilinishi orqali Qoraqalpog‘istondagi mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy parametrlari va moliyaviy masalalari yechib berildi. Aholi esa ushbu qarorlarning ijrosiga amalda guvoh bo‘lib, mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asaosida amalga oshirilayotgan islohotlar bardavomligiga to‘liq ishonch hosil qilmoqda.

Mang‘it shahrining Oybek nomli mahallasida qaror asosida olib borilayotgan ishlar qizg‘in sur’atlarda davom etmoqda. Ushbu mahalla aholisining kayfiyatiga ichki xo‘jalik yo‘llarining ta’mirtalab ahvolga kelib qolganligi salbiy ta’sir ko‘rsatar edi, albatta. Yozda chang, qishda loyga belanadigan bu yo‘llar har handay insonning ta’bini hira qilardi.

Endilikda esa mahalla ahlida yo‘l bilan bog‘liq bu kabi muammolar bo‘lmaydi. Mahallaning 4,5 km uzunlikdagi tuproq yo‘llariga tosh yotqizish ishlari boshlab yuborildi.

Shuningdek, Oybek nomli mahalladan tashqari Durunki mahallasidagi 5,2 km uzunlikdagi yo‘llar ham ta’mirlanib, tosh yotqizish ishlari olib borilmoqda. Ushbu mahalla ahlining ham o‘z mahallalarida amalga oshirilayotgan bu kabi hayrli va ezgu ishdan nihoyatda mamnun ekanliklarini yuz ifodalaridan sezish qiyin emas.

Yurt rivoji yo‘lidagi bu kabi hayrli ishlar Qoraqalpog‘istonning barcha hududlarida, jumladan tumanimizda ham davom etadi. Zero, insonlarni o‘tayotgan har bir kunidan rozi bo‘lib yashashlariga sharoit yaratish davlatimiz siyosatining bosh maqsadidir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.