“Obod mahallam” loyihasi doirasida mahallalarda obodligiga hissa qo‘shilmoqda

Туман янгиликлари

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Amudaryo tuman bo‘linmasi tomonidan “Obod mahallam” nomli loyihasining ish rejasi bo‘yicha mahallalarda obodlikni ta’minlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholining tibbiy va ekologik madaniyatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

O‘tkazilayotgan uchrashuvlar, davra suhbatlari, tanlovlardan ko‘zlanayotgan asosiy maqsad – hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, atrof-muhit muhofazasiga hissa qo‘shishdan iboratdir.

“Mahalla” xayriya jamg‘armasi jamoat fondi Amudaryo tuman bo‘linmasi boshlig‘i Bahodir Boltaboyev rahbarligidagi guruh a’zolari Qipchoq ovul fuqarolar hududidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Guruh a’zolari dastlab “Qoraqalpoqyo‘lko‘kalam” unitar korxonasi a’zolari, Qipchoq  o‘rmon xo‘jaligi xodimlari tomonidan olib borilayotgan obodonlashtirish ishlarini borib ko‘rdilar. Bekbergan Tileo‘boyev, Hamro Cho‘tboyev tomorqalaridagi issiqxonalarda erta pishar meva va sabzavotlar yetishtirilmoqda. Bog‘bon To‘liboy Xudoyberganovning bog‘ida nashvati, olma, uzum yetishitirilmoqda. Mahalla faoli Madrim Nametov ovuldagi yaxshi o‘zgarishlar haqida faxrlanib gapirdi.

Uyshin mahallasidagi Omonboy Jalolov xonadoni issiqxonada gul yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Issiqxonada turli xil gul navlari yetishtirilmoqda.

Shuningdek, “Obod mahallam” loyihasi bo‘yicha “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida To‘lqin, Bobur, Qumyop, Choyko‘l, Qilichboy ovullarida hamda Farovon mahallasida “Mahalla bog‘i”ni yaratish ishlari ham ko‘zda tutilmoqda.