Amudaryo tumanidagi barcha maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq chalindi

Туман янгиликлари

Bugun – 25 may kuni mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Amudaryo tumanidagi umumta’lim maktablarida ham so‘nggi qo‘ng‘iroq jaranglab, joriy o‘quv yili nihoyasiga yetishi munosabati bilan “Xayr, maktabim!” nomli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
 Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 31-sonli umumta’lim maktabida 2022-2023 o‘quv yili  yakuniga bag‘ishlangan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov,  tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashevlar ishtirok etishdi.
Tadbir bayramona bezatilgan maktab hovlisida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari sadolari ostida boshlandi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov so‘zga chiqib  barcha bitiruvchilarni hayotidagi unutilmas kun – maktabni tamomlab, yetuklik shahodatnomasini olishi, voyaga yetib, mustaqil hayot sari qadam tashlash arafasida turganliklari bilan tabrikladi.
 Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev maktab bitiruvchilarining yurtimizda yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalangan holda, yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishlariga yurtimizdagi zamonaviy klasterlar, fermer xo‘jaliklari, ishlab chiqarish korxonalari, katta-katta qurilishlar, firma va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlar, madaniy va ijodiy jamoalarda ish boshlab Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishga xissa qo‘shishlariga ishonch bildirdi.
Tadbirda uzoq yillardan buyon 31-sonli maktabda faoliyat yuritib kelayotgan o‘qituvchilardan biri Sanim Uzakbayeva, bitiruvchilarning bobo va buvilari, ota-onalari so‘zga chiqishib ularni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tamomlagani, hayotidagi dastlabki muhim dovondan oshgani bilan samimiy qutlashdi.
Tadbirda jonajon Vatanimizni, tinchlik-osoyishtalikni, yoshlik va muhabbatni, ustozlarga extiromni tarannum etuvchi she’rlar o‘qildi, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Fan olimpiadalari, intellektual bellashuvlar, ijodiy tanlovlarda, jamoat ishlarida faol ishtirok etgan yoshlar va ularning ota-onalariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari tantanali tarzda topshirildi.
Aytish kerakki, bu yil Amudaryo tumanidagi umumta’lim maktablarini  2 704 nafar o‘quvchi yoshlar bitkazishmoqda.
Jumladan, 31-sonli maktabni bugun 76 nafar bitiruvchilar bitkazib ular orasida 2 nafari oltin, 1 nafari kumush medal bilan tugatishmoqda.
 Tadbir yakunida so‘nggi qo‘ng‘iroq chalindi. Bitiruvchilar jonajon maktabi va o‘qituvchilari bilan xayrlashdilar.
Barcha bitiruvchilarning davlat imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lish baxtiga erishishlariga tilakdoshmiz!
O‘ylaymizki, yoshlarimiz Prezidentimiz ishonch bildirganlaridek, mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlar asosida o‘z kasbining yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishib chiqishadi hamda Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shishadi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.