Doʻstlik mahallasida yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi

Туман янгиликлари

2023-yil 28-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida hududllarda huquqbuzarliklarni oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish holati hamda bu boradagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan, unda respublikamiz ovul va mahallalarida jinoyatchilikni jilovlash samaradorligini oshirish, xavfsiz muhitni yaratish, kriminogen vaziyatni yaxshilash orqali og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilishining oldini olish hamda ularni kamaytirishga erishish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokurori, Ichki ishlar vaziri va Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, tegishli boshqarma boshliqlari jinoyatchilikning oldini olish, sodir etilgan huquqbuzarliklarni, jinoyatlarni chuqur tahlil qilgan holda, qayta sodir bo‘lishining oldini olish, kriminogen vaziyatni atroflicha muhokama qilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq chora-tadbirlarni belgilash maqsadida shahar, tumanlarga mas’ul qilib biriktirilgan edi.

Ushbu vazifaga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv xizmati boshlig‘i Umida Kurbanbeva, Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari Zamir Saparbayev, Sharapat Joldasbayevlar Amudaryo tumanining “qizil” toifaga kiruvchi Do‘stlik mahallasida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdilar.

Yig‘ilishda hudud profilaktika inspektori Ilauatdin Jumamuratov, mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari hamda ko‘cha boshchilari, nuroniy otaxon va onaxonlar, hududda joylashgan korxona va tashkilotlardan vakillar qatnashdi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv xizmati boshlig‘i Umida Kurbanbeva so‘zga chiqib, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarning oldini olish masalasi bugungi kunda yoshlarga oid davlat siyosatining dolzarb yo‘nalishlaridan biri ekanligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birga jamoatchilik vakillari tomonidan yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongi va madaniyatini rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish borasida ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek tumanimizda ham jinoyatchilik va huququbuzarliklarning oldini olish borasida qator amaliy ishlar olib borilayotgani haqida to‘xtaldi.

Hudud profilaktika inspektori Ilauatdin Jumamuratov o‘z so‘zida aholi o‘rtasida giyohvandlik, odam savdosi, diniy ekstremizm kabi jinoyatlarning oldini olish yuzasidan mahalla yoshlari orasida muntazam tushuntirish ishlarini olib borayotganini, kelgusida o‘smirlar va yoshlar bilan ishlashishni yanada yaxshilashga harakat qilishini bildirdi. Shuningdek, yoshlarning taqdiriga ota-onalar ham befarq qaramasligi, ular ustidan doimiy nazorat olib borishlari lozimligini ta’kidladi.

 Shundan so‘ng, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Zamir Saparbayev so‘zga chiqib, har bir hududda sodir etilgan ma’muriy va jinoiy holatlar aholi o‘rtasida muhokama qilinishi, jinoyat sodir etilishi sabablari o‘rganilishi kerakligi va jinoyat sodir etishga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish choralari ko‘rilishi lozimligi haqida so‘z yuritdi.

Qolaversa, mast holatda avtotransport vositasini boshqarish va boshqa qo‘pol qoidabuzarliklar mahalla hamda mehnat jamoalarida muhokama etilishi muhimligini, oiladagi notinchlik, kelishmovchilik tufayli sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar chuqur tahlil qilinishi kerakligini alohida e’tirof etdi.

Yig‘ilish yakunida mahalla fuqarolar yig‘ini mas’illari so‘zga chiqib, yosh oilalar va uyushmagan yoshlar, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilganligi, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha mahallalarda keng targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilayotganligi haqida ma’lumot berib o‘tdilar.

Yig‘ilishda Do‘stlik mahallasini “qizil” toifadan chiqarish bo‘yicha yig‘in mas’ullariga tegishli topshiriqlar berildi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati