KO‘NGILLI EKOFAOLLAR HASHARI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Butunjahon tozalik kuni – bu insoniyat o‘zi yashab turgan hududda tozalikka qat’iy rioya etish, tabiiy atrof-muhitni chiqindilardan tozalash g‘oyasini ifoda etadi. Garchi, ushbu g‘oya dastlab 2008 yilda Estoniyada vujudga kelgan bo‘lsa-da, o‘zi yashab turgan hududni toza saqlash, ko‘cha va mahallalarni obodonlashtirishga e’tibor masalasi bizning o‘zbek xalqi uchun bobomeros qadriyat hisoblanadi. Shu bois, har gal fasllar o‘zgarganda mamlakatimizning barcha hududlarida, har bitta mahalla, har bir ko‘cha va xonadonlarda tozalash, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshiriladi.

Shunday bo‘lsa-da, Estoniya davlatida dastavval 50 000 ko‘ngillilarni birlashtirgan ekologik harakat boshlangan kun – sentabr oyining uchinchi shanbasi O‘zbekistonda ham dunyoning 200 ga yaqin mamlakatlari ko‘ngilli ekofaollarini birlashtiruvchi Butunjahon tozalik kuni sifatida keng nishonlanadi va ushbu sana munosabati bilan mamlakatimizda 2019 yildan beri keng miqyosli tozalash va obodonlashtirish tadbirlari amalga oshiriladi.

Tumanimiz hududlarida tozalikni ta’minlashni o‘z zimmasiga olgan tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va “Toza hudud” davlat unitar korxonasi mutaxassislari hamda ishchilari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tufayli nafaqat Mang‘it shahri, balki ovul va mahallalar hududlari ham kun sayin obodonlashib, chiqindilardan holi hududlarga aylanib bormoqda.

Butunjahon tozalik kuni – sentabr oyining uchinchi shanbasi, 18 sentabr sanasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish Ekologiya qo‘mitasining Amudaryo tumani inspeksiyasi tomonidan tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va “Toza hudud” davlat unitar korxonasi bilan hamkorlikda Mang‘it shahri hamda tumanimizning ovul va mahallalarida ko‘ngilli ekofaollar hashari o‘tkazilib, keng miqyosli tozalash, obodonlashtirish hamda kuzgi ko‘chat ekish ishlari amalga oshirildi.

Ko‘ngilli ekofaollar hashari jarayonida Mang‘it shahrining Boy ovul, Navoiy nomli, Chordara va Gulzor mahallalari, shuningdek, Choyko‘l, Qipchoq ovullari, Beshtom mahallasida tozalash va obodonlashtirish ishlari olib borilib, mazkur hududdagi har xil maishiy chiqindilar, turli o‘simlik qoldiqlari, xazonlar, qattiq chiqindilar maxsus chiqindi maydonlariga olib chiqib tashlandi. Madaniy-maishiy ob’ektlar ovul va mahallalar guzarlari, xonadonlar atroflari tozalandi, daraxtlar oqlanib, shakl berish ishlari olib borildi.

Shuningdek, tozalash tadbirlari jarayonida tumanda tashkil etilgan chiqindilar poligonida zararsizlantirish ishlari ham amalga oshirildi. Bundan tashqari, aholi orasida tozalikni ta’minlash yuzasidan targ‘ibot tadbirlari ham o‘tkazilib, bu tadbirlarda ovul va mahallalar faollari ishtirok etdilar.

Bo‘lib o‘tgan ko‘ngilli ekofaollar hashariga tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va “Toza hudud” davlat unitar korxonasi tomonidan 20 ta maxsus texnika vositalari jalb etilib, ushbu texnikalar yordamida hududlarda to‘plangan chiqindilarni hech bir muammosiz chiqindi poligonlariga olib chiqib tashlandi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.