Amudaryo tumanida joylashgan “Jumurtov ponton ko‘prigi”dagi holat bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga rasmiy munosabat

Эълонлар

YouTube videoxostingidagi “Másele uz” sahifasida “Amudaryo tumanida joylashgan “Jumurtov ponton ko‘prigi” pullik xizmat ko‘rsatayotganidan odamlar norozi” mavzusida xabar e’lon qilindi. Xabarda Jumurtov ponton ko‘prigidan o‘tish pullik ekanligidan aholi norozi bo‘layotgani bayon qilgan.

Ushbu murojaat bo‘yicha shuni ma’lum qilamizki, Amudaryo tumanida daryo ustidan o‘tuvchi 2 ta ponton ko‘prik mavjud bo‘lib, birinchisi davlat idorasi bo‘lgan “Amudaryo yo‘llardan foydalanish” UKga tegishli “Qipchoq ponton ko‘prigi” hisoblanadi. Ushbu ko‘prikni ta’mirlash-saqlash xarajatlari, ishchilarga beriladigan oylik maoshlari va boshqa xarajatlari davlat tomonidan moliyalashtirilishi sababli bu ko‘prik orqali qatnovlar bepul hisoblanadi.
Ikkinchi ko‘prik – xususiy tadbirkorga tegishli bo‘lgan “Jumurtov ponton ko‘prigi”dir.

Mazkur ko‘prik Jumurtov shaharchasi hududida faoliyat yurituvchi “Jumurtov ponton ko‘prigi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli bo‘lib, ko‘prikni ta’mirlash-saqlash xarajatlari, ishchilarga beriladigan oylik maoshlari va boshqa xarajatlari tadbirkor tomonidan moliyalashtirilishi sababli bu ko‘prik orqali qatnovlar pullik hisoblanadi.

Mazkur ponton ko‘prik tadbirkor tomonidan 2001 yilda o‘rnatilib, o‘z faoliyatini boshlagan. Umumiy uzunligi 290 metrni, eni 12 metrni, yuk ko‘tarish qobiliyati 10 tonnani tashkil qiladi.

Ko‘prikdan foydalangan yo‘lovchi va avtotransport vositalaridan MChJ rahbariyati tomonidan tasdiqlangan tariflar asosida xizmat haqi olinmoqda hamda tegishli tartibda chek berilib, pullari bankka kirim qilinmoqda.

Shuningdek, qonunda ko‘rsatilgan tartibda alohida shaxslarga imtiyozlar berilgan bo‘lib, piyodalar, velosipedli fuqarolar, favqulodda vaziyatlarda xizmat ko‘rsatuvchi avtotransport vositalari, jumladan tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish mashinalaridan xizmat haqi olinmaydi.

Amudaryo tumani hokimligi tadbirkorning faoliyatiga aralashish yoki tekshiruv o‘tkazish vakolatiga ega emas.

Shuni ham eslatib o‘tmoqchimizki, Amudaryo ustiga, hozirgi Qipchoq ponton ko‘prigi yoniga zamonaviy avtomobil-temir yo‘l ko‘prigi qurilayotgan bo‘lib, ushbu ko‘prik ishga tushganidan keyin avtoransport vositalarini o‘tkazish quvvati bir necha baravar ortadi.

Amudaryo tumani hokimligining axborot xizmati.