Amudaryo tumani mahalliy byudjetining 2022 yilgi asosiy ko'rsatkichlari to'g'risida

Туман янгиликлари

Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining Qarori

Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesining 2021 yil 30-dekabrdagi yigirma beshinchi sessiyasining 194-sonli qaroriga va Oʼzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʼgʼrisida”gi Qonunining 24-moddasiga asoslanib Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi QAROR QILADI:

1. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesining 2021 yil 30-dekabrdagi yigirma beshinchi sessiyasining 194-sonli qarori ijro uchun, tuman Moliya bo‘limi mudirining hisoboti rahbarlikka olinsin.

2. Tuman mahalliy byudjeti daromadlarining 2022-yilgi prognoz ko'rsatkichlari, byudjet mablag'lari harajatlari ko'rsatkichlari 1-7-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tuman hokimligi (M.Temirboev), tuman davlat soliq inspektsiyasi (A.Seitov) va moliya bo'limi (U.Bekniyazov) tuman mahalliy byudjetining daromadlar qismining soliq turlari bo'yicha belgilangan rejalarining oshirib bajarilishini ta'minlasinlar.

4. Tuman moliya bo'limi (U.Bekniyazov)ga:

2022 yilda mahalliy byudjet xarajatlarini maqbullashtirish natijasida shakllanadigan manbalar hisobidan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun ajratiladigan mablag'lar bo'yicha zarur tuzatishlar kiritib borish;

byudjetdan mablag' oluvchilarning byudjetdan mablag' bilan ta'minlash asoslari mavjudligini muntazam tahlil qilib borish, ajratilgan byudjet mablag'larining natijadorligiga erishilmayotgan byudjet muassasalarini qisqatirish yuzasidan tuman hokimligiga takliflar kiritib borish;

tuman g'aznachilik bo'linmasi (M.Kuchkarov) bilan birgalikda byudjet mablag'laridan maqsadli foydalanish va ularning asossiz sarflanishi ustidan qat'iy nazorat o'rnatish topshirilsin.

5. Tuman hokimligi tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda byudjet daromadlarining tasdiqlangan ko'rsatkichlari bajarilishini ta'minlasin. Hududlarning soliq solish bazasi kengaytirilishi va moliyaviy salohiyati mustahkamlanishi yuzasidan zaruriy chora-tadbirlar ko'rsin, byudjet mablag'laridan maqsadli foydalanishi ustidan qat'iy nazorat o'rnatsin.

6. Tuman moliya bo'limi (U.Bekniyazov) Xalq deputatlari tuman Kengashiga mahalliy byudjetning ijrosi to'g'risida har chorakda axborot berib borsin.

7. Tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari (Сh.Arslonova) qarorning rasmiy e'lon qilinishi va hokimlik veb-saytiga joylashtirilishini, “Taraqqiyot ko'zgusi” gazetasi tahririyati (G'.Eshniyazov) ushbu qaror matnining “Taraqqiyot ko'zgusi” gazetasida chop qilinishini ta'minlasin.

8. Qaror rasmiy e'lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo'yicha doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatilsin.

Kengash raisi S.YO‘LDASHEV

2021-yil 31-dekabr. VI-44-67-13-181-K/21