PROBATSIYA NAZORATIDAGI 9 NAFAR MAHKUM MUDDATIDAN ILGARI JAZODAN OZOD ETILDI

Туман янгиликлари

Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan ochiq sayyor sud o‘tkazilib, Probatsiya nazoratidagi mahkumlarga doir ish materiallari ko‘rib chiqildi.

Shu yil 4 aprel kuni tuman Ichki ishlar bo‘limining ma’muriy binosida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi mas’ullari, tuman prokurori yordamchisi S.Xolmuradov, tuman IIO Probatsiya guruhi katta inspektori R.Iskandarovlar ishtirok etdilar. Sud majlisida Probatsiya xizmati taqdimnomasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning 73-moddasi tartibida ilgari jinoyat sodir qilib, hozirgi kunda tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan hamda jazo turlari uchun o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan, mehnatga halol munosabatda bo‘lgan 9 nafar mahkum belgilangan jazolaridan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.

Sud davomida ushbu shaxslarga jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinib, o‘talmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan taqdirda Jinoyat Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo tayinlanishi tushuntirildi. Shundan so‘ng, tuman IIB xodimlari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Unda Prezidentimizning 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi”ning 34-bandi ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida so‘z yuritildi. Shuningdek, korrupsiya davlat va jamiyat taraqqiyoti uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri ekanligi tushuntirildi.

Bahs-munozara tarzida o‘tgan davra suhbatida davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan boshqa savollarga ham batafsil javoblar berildi.

J.O‘razbayev, Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi.