15 aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni

Туман янгиликлари

MILLIY MADANIYATIMIZ VA SAN’ATIMIZNI YANADA BOYITIB, XALQIMIZGA XIZMAT QILAMIZ

Insoniyat hayotida alohida o‘rin tutib kelayotgan madaniyat va san’atning millat taraqqiyoti, rivoji yo‘lidagi hissasi beqiyos. Azal-azaldan san’at va madaniyat butun xalq, qolaversa, yosh avlod qalbida milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, yurtga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashda o‘ziga xos ta’sir kuchiga ega bo‘lib kelgan.

Aytish joizki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda mazkur sohani rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarish yuzasidan hukumatimiz tomonidan tub o‘zgarishlar, islohotlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari rahnamoligidagi madaniyat va san’atga bo‘lgan ulkan e’tibor, sohadagi ijobiy burilishlardan ruhlangan tuman Madaniyat bo‘limi va hududlardagi Markazlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar madaniy bayram tadbirlarining chuqur g‘oyaviy mazmun bilan boyitilishini  ta’minlab, xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Soha xodimlari aholining milliy  madaniyatini  rivojlantirish,  keng jamoatchilik  orasida  milliy  qadriyatlarimizni tiklash, ularni asrab-avaylash va rivojlantirish, muqaddas dinimiz, urf-odatlarimizni, tarixiy-madaniy  merosimizni  yuksaltirishga munosib hissa qo‘shishmoqda. Shu qatori yoshlarning iste’dodlarini yuzaga chiqarish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlarga  namunali  kutubxona  xizmati  ko‘rsatish,  tarbiyaviy  ahamiyatga ega ishlarni tashkil etish, madaniyatimizni  dunyoga  tanitish  maqsadida  ko‘pgina ijobiy  ishlarni  amalga  oshirishmoqda.

Amudaryo tuman Madaniyat bo‘limiga qarashli 7 ta madaniyat  markazi, 3 ta ashula va raqs,  folklor, sirk san’ati yo‘nalishidagi xalq jamoalari mavjud. Undan tashqari, 2 ta Bolalar musiqa va san’at maktabi, 1 ta maxsus ko‘zi ojizlar kutubxonasi, Mang‘it madaniyat va istirohat bog‘i ham tumanimiz ahlining madaniy-ma’naviy kamolotiga hissa qo‘shib kelmoqda. Ayni paytda “Qo‘shayev Raim” xususiy korxonasiga qarashli istirohat  bog‘ida mavjud  attraksionlar qatoriga yangi zamonaviy  o‘yin  qurilmalari  imtiyoz  bo‘yicha keltirilib, 6 ta  yangi attraksion  ishga tushirildi. Shuningdek, 9-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida 11 ta yo‘nalish bo‘yicha 258 nafar bolalar, 21-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida 9 ta yo‘nalish bo‘yicha 267 nafar bolalar tahsil olib, musiqa va san’at sirlarini o‘rganishmoqda.

Madaniyat markazlarida 20 dan ortiq havaskorlik to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 250 nafardan ziyod o‘quvchilar bor. Yosh avlodni madaniyat va san’atga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida qo‘shimcha tashkil qilingan maqom, nazm va nasr, sirk, ovoz yozish, raqs, bichish-tikish, badiiy o‘qish, baxshichilik, estrada, masxaraboz san’ati kabi 20 ga yaqin to‘garaklarda ham 250 nafardan ziyod yoshlar san’at sirlarini o‘rganishmoqda.    

Tumanimizda tinchlik va mustaqillik uchun qurbon bo‘lgan qahramonlarni yod etish maqsadida “Xotira va Qadrlash maydoni”, ma’naviyat dargohi,  jonli tariximiz ko‘zgusi bo‘lgan muzey  tashkil qilingani soha xodimlari faoliyatidagi samaradorlikni yanada oshirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Endilikda muzey faoliyatini kengaytirish, rivojlantirishga, aholi e’tiborini jalb etishga imkon boricha harakat qilamiz. Shu bilan birga muzeydagi tarixiy yodgorliklar, ma’naviy-ma’rifiy xazinalarni  kelajak avlodga yetkazish uchun ko‘z  qorachig‘idek asraymiz, ulardan oqilona foydalangan holda, yillar davomida imkon qadar boyitib boramiz.

Biz Madaniyat bo‘limi mehnat jamoasi milliy madaniyatimiz va san’atimizni yanada boyitib, yosh avlod ongiga singdirishga, bayram va boshqa muhim sanalarda xalqqa xizmat qilib, ko‘tarinkilik bag‘ishlashga, yuksak natijalar, yuqori ko‘rsatkichlarga erishishga harakat qilamiz.

 Shuhrat Yusupov, tuman Madaniyat bo‘limi mudiri.