DAVLATIMIZDA BOLA HUQUQLARI HIMOYASI – USTUVOR VAZIFA

Туман янгиликлари

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 43-moddasida voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir, deyilgan. Undan tashqari, 63-moddasida farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar, onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi, deb belgilangan.

Amudaryo tuman hokimligida faoliyat ko‘rsatayotgan Bolalar masalalari bo‘yicha Komissiya Prezidentimizning 2021 yil 9 avgust kungi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tashkil qilingan bo‘lib, hozirgi kunda tegishli vazifalar mazkur Farmonga muvofiq amalga oshirilmoqda. Komissiya tomonidan tumanda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning sog‘lom turmush tarziga amal qilgan holda hayot kechirishlarini ta’minlash, ota-onalari qaramog‘idan mahrum bo‘lishining oldini olish borasida zarur choralar ko‘rilmoqda.

Tumanda voyaga yetmaganlar 74200  nafarni tashkil qiladi. Komissiyaga huquqni muhofaza qiluvchi organlardan o‘tgan yil yakuniga qadar 10 ta holat bo‘yicha voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar kelib tushgan bo‘lib, ushbu hujjatlar Komissiyada ko‘rildi va voyaga yetmaganlarning ota-onalariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rildi. Undan tashqari, Komissiyaga  tuman XTBdan ota-onasi bilan Qozog‘iston Respublikasi, Rossiya federatsiyasi kabi chet davlatlarga vaqtincha yashash uchun yoki butunlay ko‘chib ketayotgan maktab o‘quvchilarini o‘quvchilar safidan chiqarishni so‘rab kiritilgan 83 ta iltimosnomalar qonuniy asosda o‘rganilib, tegishli qarorlar chiqarib berildi. Bolalarni himoya qilish sho‘’basi tomonidan farzandini o‘z tarbiyasiga olish va ota-onalik huquqini tiklash, vasiylikka olish to‘g‘risidagi fuqarolarning arizalari hududlarga chiqib o‘rganilib, ijobiy hal etilmoqda. Vasiylikka olingan bolalarning yashash sharoitlari ham muntazam ravishda hududlardagi maktab pedagoglari va psixologlar ishtirokida ko‘rilib borilmoqda.

Joriy yil davomida 8 nafar voyaga  yetmagan bolalar va 2 nafar ota-onalar IIB tomonidan profilaktik hisobga olingan bo‘lib,  ular bilan muntazam ravishda profilaktik ishlar olib borilmoqda.

O‘tgan yil davomida tumandagi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda shu kabi tadbirlar va 48 ta  “O‘quvchi”, ”Davomat” reydlari o‘tkazildi. Undan tashqari, ovul va mahallalarda, ta’lim muassasalarida targ‘ibot-tashviqot tadbirlari olib borildi.

Bolalarni himoya qilish, asrab-avaylash har birimiz uchun e’tibordagi masala bo‘lishi kerak. Chunki ular ertaga butun millat, mamlakat taraqqiyotini, kelajagini yaratishdek mas’uliyatli vazifani bajaradi. Biz ularni shunga munosib qilib tarbiyalashga mas’ulmiz.

J.Xolmurodov, Amudaryo tuman hokimligining

Bolalarni himoya qilish masalalari sho‘’basi rahbari.