9 may− Xotira va qadrlash kuni keng nishonlandi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, 1999 yil 9 may kuni O‘zbekiston poytaxtida Xotira maydoni ochildi va ushbu kundan buyon 9 may− Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanib kelinadi.

Ushbu bayram arafasida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan, mana shu yorug‘ kunlarga yetib kelolmagan vatandoshlarimizning so‘nmas xotiralari yod etiladi. Qolaversa, jang maydonlarida mardlik, jasorat ko‘rsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilgan va bugun oramizda sog‘-omon yurgan faxriylarimizga ehtirom ko‘rsatiladi.

9 may– Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Mang‘it shahridagi Xotira maydonida ham tantanali tadbir o‘tkazildi. Tadbirda dastlab, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.

Shundan so‘ng tumanimizning iste’dodli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan ona Vatan va tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlar dilida o‘zgacha g‘urur va iftixor uyg‘otdi.

Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev so‘zga chiqib, mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kunini keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirish, fashizmga qarshi janglarda, mehnat frontida jonbozlik ko‘rsatgan faxriylarimizga e’tibor va ehtirom ko‘rsatish, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash borasida qilinayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaga munosib hissa qo‘shgan har bir yurtdoshimizning xotirasi kelgusi avlodlarimiz qalbida mangu yashaydi. Oramizda bo‘lgan urush va mehnat fronti faxriylari davlatimiz va jamiyatimizning doimo e’zozida bo‘lib, ularning insoniyatni fashizm balosidan qutqarish yo‘lida qilgan fidoiyliklari kelgusi avlodlarimiz uchun ibrat maktabidir.

Tadbirda tuman Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i Sherzod Murodov yig‘ilganlarni ushbu qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etib, Ikkinchi jahon urushi yillarida mardonavor jang qilib, jonini fido qilgan yurtoshlarimiz hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi barchaning dilida manguga muhrlanganligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, marhumlar ruhiga Qur’on tilovat qilinib, Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Mehmonlar Xotira maydonidagi ramziy kitob sahifalarini varaqlab, urushda shahid ketgan ajdodlarimizni xotirlashdi. Qonli janggohlardan omon qaytgan, mehnat frontida fidoyilik namunalarini ko‘rsatib, xalq xo‘jaligining qayta tiklanishiga hissa qo‘shgan yurtdoshlarimiz nomlarini iftihor bilan tilga olishdi.

Xotira va Qadrlash kunini nishonlashdan ko‘zlagan bosh maqsadi – Ikkinchi jahon urushida shahid ketgan bobolarimiz ruhini shod qilish, oramizdagi fidoyi insonlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, aholi, ayniqsa yoshlarni yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni qadrlashga chorlashdir. Zero xotira hamisha muqaddas, inson qadr-qimmati aziz, tinchlik esa eng buyuk ne’matdir!

Tuman hokimligining Axborot xizmati