FUQAROLAR YIG‘INI RAISI SAYLOVIGA DOIR O‘QUV SЕMINARI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Amudaryo tumanida ham joriy yilning may oyida o‘tkaziladigan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga doir ishlar qizg‘in pallaga kirdi.

Mahalla instituti o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatida ma’lum bir hududda ijtimoiy-siyosiy, madaniy, diniy va boshqa sohalarda mustaqil ish olib boruvchi ijtimoiy tuzilmadir. Tizimda ayniqsa, so‘nggi ikki-uch yil  ichida katta o‘zgarishlar yuz berdi, raislarning xalq hayotiga shunchaki tomoshabin bo‘lib, idorada o‘tirib ishlab oylik oladigan vaqti o‘tdi. Endilikda  ovul, mahalla, shaharchadagi muammolarni, xalq hayotidagi kamchiliklarni mahallaning o‘zida hal etish davri keldi.

Odamlarning oddiy murojaatlar uchun ham hokimlik va boshqa idoralarga qatnab ovora  bo‘lishiga chek qo‘yilmoqda. Buning uchun eliga fidoyi, ishchan, o‘z xizmat lavozimida sidqidildan ishlashga shay insonlar o‘zini o‘zi boshqarish organlari raisligiga saylanmog‘i  kerak.

Shu boisdan ham tumanimizda saylovga tayyorgarlik ishlariga mas’uliyat bilan qaralib, elaro obro‘-e’tiborli, bilimli, odamlar hayotidagi muammolarni dadil ko‘tarib chiqib, ijobiy hal qilishga harakat qiladigan tashabbuskor insonlar nomzodlari tanlab olinishiga alohida e’tibor qaratildi.

Saylovni shaffof, adolatli tarzda o‘tkazish bo‘yicha turli targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Xususan, joriy yil 12 may kuni tumandagi fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazuvchi 49 ta ishchi guruhlar uchun tashkil etilgan o‘quv seminar ham shu maqsadga qaratildi.

O‘quv seminarda O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligining vakili Murod Nigmatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri Sag‘indiq Turmanov, saylovni tashkil qilish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi tarkibi va tumanning 49 ta mahallalaridagi ishchi guruhlari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari va kotiblari, umumiy hisobda jami 166 nafar ishtirokchi qatnashishdi.

Ma’lumki, mahallalardagi ishchi guruhlar saylovchilarga eng yaqin bo‘g‘in hisoblanadi. Saylov paytida oshkoralikni ta’minlash, eng munosib nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash uchun adolatli saylov muhitini yaratish, ishchi guruh a’zolarining saylov qonunchiligi borasidagi huquqiy bilimlarini oshirish, fidoyi insonlarning fuqarolar yig‘ini raisi etib saylanishiga sabab bo‘lishi shubhasizdir.

Seminar ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi Qonuni bilan belgilangan Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini   tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq normativ hujjatlar yana bir bor to‘liq tanishtirildi.

Ishchi guruhlarga saylovni o‘tkazishdagi e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar,  qonunchilik bo‘yicha tavsiyalar berildi hamda namunali saylov amaliyotda qanday o‘tkazilishi ko‘rsatildi.

Shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari saylovini namunali tashkil etish, saylovning demokratik asosda, shaffof tarzda o‘tkazilishini ta’minlash borasida muhim maslahatlar berildi.

Fuqarolar yig‘ini raisligiga el dardi bilan yashaydigan, mahallaning katta-yu kichigi hurmat qiladigan, odamlar tashvishiga yelka tutishga qodir salohiyatli insonlar saylanishi fuqarolar tanloviga bog‘liq ekanligi ta’kidlandi.

Oygul RAJABOVA