Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zumrad Bekatova Konstitutsiyaviy qonun loyihasi haqida aholining fikr va takliflarini o‘rganmoqda

Туман янгиликлари

Bugungi kunda Qonunchilik palatasining barcha deputatlari o‘z saylov okrugida bo‘lib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining saylovchilar, elektorat vakillari va aholi o‘rtasida umumxalq muhokamasini tashkil qilishda faollik ko‘rsatmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zumrad Bekatova  tomonidan 29 iyun kuni Amudaryo tumanining  Chordara, Boyovul, Navoiy, Do‘stlik, Yangiobod,Farovon, Gulzor, Olmazor, Beruniy, Durunki  mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi uchun “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasiga doir tadbirlar o‘tkazildi.
Mahalla fuqarolari, fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlik sub’ektlari, ijtimoiy soha muassasalari (tibbiyot, ta’lim va tarbiya tashkilotlari)da bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarda aholi, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar jamoatchiligi, tadbirkorlar, fermerlar hamda boshqa mehnat jamoalariga konstitutsiyaviy qonun loyihasi haqida batafsil tushunchalar bermoqda, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazmoqda. Shuningdek, O‘tkaziladigan umumxalq muhokamasida aholining faol ishtirok etishining ahamiyati to‘g‘risida tushuncha berildi. Shu bilan birga mamlakatimiz Prezidentining 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvdagi nutqining mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka yetkazildi.
Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
O‘tgan davr mobaynida jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy- ijtimoiy va madaniy hayotida tub o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu esa Bosh qomusimizda “Yangi O‘zbekiston - ijtimoiy davlat” tamoyillarini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligini, yerga egalik qilish huquqini, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish, davlat hokimiyati asoslarini takomillashtirish dolzarbligini ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlash joizki, Konstitutsiyaviy komissiyaga o‘tgan bir oy davomida kelib tushgan 60 mingdan ortiq takliflar asosida, shuningdek Davlatimiz Rahbarining Komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak” degan tamoyil asosida berilgan takliflardan kelib chiqib “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tayyorlanib, umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Konstitutsiyamizning 60 dan ortiq moddalariga 200dan ortiq tuzatishlarni nazarda tutmokda. Konstitutsiyaga o‘zgartishlar “inson-jamiyat-davlat” prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi va amaldagi Konstitutsiyamizning barcha bo‘limlariga tub o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi.
Ta’kidlash lozimki, Konstitutsiyaviy tuzatishlar, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga, himoya qilishga qaratilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizg‘in pallaga kirdi. Qonunchilik palatasi tomonidan 24 iyun kuni  konseptual qabul qilingan Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi umumhalq muhokamasiga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Konstitutsiyaviy qonun loyihasini xalqimiz, jamoatchiligimiz bilan keng muhokama qilish Bosh qomusimizning pishiq-puxta, yanada xalqchil, tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga xizmat qiladi.
Umumxalq muhokamasi natijasida bildirilgan takliflar  umumlashtirilib, qonun loyihasi yanada takomillashtiriladi.
Uning natijalariga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yiladi.
Deputat, o‘z navbatida, jamoatchilik tomonidan loyiha yuzasidan bildirilgan fikr-mulohaza va takliflarni har tomonlama chuqur o‘rganmoqda va mazkur jarayonda barchani faol ishtirok etishga chaqirdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati