Amudaryo tumanida yoshlar bandligi ta'minlanmoqda

Туман янгиликлари

Har bir yosh jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Avvalo, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni doimiy ish joyiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish, va bu orqali oilalarga barqaror daromad manbai yaratishdir.
Bugungi kunda Amudaryo tumanidagi 49 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inida aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash orqali oilalarni daromadli qilish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyat yuritishmoqda.
Ular xonadonma-xonadan yurib, odamlar duch kelayotgan tashvish va muammolarni o‘rganishmoqda. E’tiborlisi, oilaviy tadbirkorlik uchun bank krediti, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi qator jamg‘armalar hisobidan yangi loyihalar, o‘zini o‘zi band qilish va ish bilan ta’minlash uchun ajratiladigan subsidiyalar hokim yordamchilarining tavsiyalari asosida berilmoqda.
 Amudaryo tumanining Uyshin mahalla fuqarolar yig‘inining hokim yordamchisi Ruslon Norimbatov ham mahallasida istiqomat qiluvchi yoshlar bilan birma-bir suhbatlashib ularning muammo va takliflarini o‘rganib kelmoqda.
O‘rganishlar davomida mahallaning faol yoshlaridan biri− Otabek To‘liboyev, hamqishloqlariga tezkor hamda sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida motokultivator olish niyati borligini bildirdi.
Hokim yordamchisi tomonidan Otabeking murojaati ijobiy hal qilinib, unga 22 mln. so‘mlik imtiyozli kredit evaziga motokultivator olib berildi.
Otabek ushbu motokultivator orqasidan bir kunda o‘rtacha 100 ming.so‘mga yaqin daromad qo‘radi.
Mahallaning yana bir faol yoshlaridan biri Abbos O‘razimbetov hokim yordamchisi yordami bilan ega bo‘lgan 25 sotix yer maydoniga tarvuz, qovun, oshqavoq kabi poliz ekinlarini ekdi.
Bugungi kunda ushbu poliz ekinlari kuchli hosilga kirgan. Uning maqsadi mahalladoshlarini havsiz hamda arzon poliz mahsulotlari bilan ta’minlashdir.
 Mahallaning yana bir tinib-tinchimas yoshlaridan biri tadbirkorlikni asosiy kasbiga aylantirgan Shamshiddin Jalolov bo‘ladi.
Bugungi kunda u pavlovniya daraxti ko‘chati orqasidan yuqori daromad ko‘rmoqda.
Ma’lumki, pavlovniya yer sharida mavjud daraxtlardan nafaqat eng tez o‘sishi bilan ajralib turadi, balki hayoliy go‘zallik kashf etib gullashi, qimmatli yog‘och, asal, biomassa manbai ekanligi bilan qadrlanadi. U manzarali daraxt sifatida istirohat bog‘lari, xiyobonlarni bezaydi.
O‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishni istagan yoshlarga bugun katta imkoniyat eshiklari ochilgan. Ular tadbirkorlikning turli yo‘nalishlarida faoliyat olib borishlari mumkin.
Qilichboy ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Muhabbat Yo‘ldasheva joriy o‘quv yilida Amudaryo tumani 2-sonli kasb-hunar maktabini tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha tugatdi.
Ushbu ta’lim muassasasining asosiy maqsadlaridan biri− yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘lib, bu borada yerishilayotgan yutuqlar alohida e’tirofga sazavor.
Muhabbat ham hozirgi kunda kasb-hunar maktabida egallagan bilim hamda ko‘nikmalari asosida Oliy ta’lim muassasasiga dizaynerlik yo‘nalishi bo‘yicha  hujjat topshirishni niyat qilgan.
Muhabbat tikuvchilikning sir-asrorlarini  avvalo, onasi− Nargiza Saparboyevadan o‘rgangan bo‘lsa, kasb-hunar maktabida ustozlari− Gulchehra Sultonova hamda Sharofat Fayzullayeva unga bor bilimlarini berib, mohir tikuvchi bo‘lib yetishishiga katta hissa qo‘shdilar.
O‘zining intiluvchanligi, qolaversa, ustozlar yordami bilan Muhabbat imtiyozli kredit asosida o‘ziga yangi tikish mashinasi sotib oldi. Hamda onasi bilan birgalikda tikuv sexi ochib, o‘z faoliyatlarini boshladi.
Bugungi kunda u hamqishloqlariga go‘zal liboslar tikib berish barobarida yuqori daromad manbaiga ega bo‘lib, 2 nafar hamqishlog‘ining ham bandligini ta’minlashga erishdi.
Ertangi kun egalari bo‘lgan yoshlarni kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash, bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Zero, yoshlar mamlakatning kuch-qudrati va salohiyatini belgilovchi muhim ijtimoiy qatlam sanaladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.