Fidoyi mehnati bilan el-yurt nazariga tushgan fermer

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanining Xolimbeg ovulida fidoyi mehnati bilan el-yurt nazariga tushgan fermerlar talaygina. Ham xalq ehtiyoji, ham mahalladoshlari ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan kundalik oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, ichki bozordan tashqari, qo‘shni tumanlar bozorlarini sarxil mahsulotlar bilan ta’minlashda hududdagi ko‘ptarmoqli fermer xo‘jaliklarining hissasi katta.

Ovuldagi “Rajab-Japaq” fermer xo‘jaligiga Qurolboy Japaqov rahbarlik qiladi. Xo‘jalik yerlarining asosiy qismiga, ya’ni 23 gektariga paxta ekilib, har yili shartnomaviy rejalar oshirib ado etiladi. Bundan tashqari, 11 gektar maydondagi kuzgi bug‘doy, 8 gektar mevazor bog‘ ham xo‘jalikning haqiqiy ziroatchilik fabrikasiga aylangan.

Joriy dehqonchilik yilida 11 gektar yerdagi kuzgi bug‘doydan 28 tonna hosil olindi. Shartnomaviy rejadan tashqari yetishtirilgan 15 tonna bug‘doy fermer xo‘jaligi omboriga to‘kildi va pudratchi dehqonlar ham mo‘l-ko‘l g‘alla hosilidan bahramand bo‘lishdi. Paxtachilik, g‘allachilik va bog‘dorchilik yo‘nalishlarini yuqori daromadli sohaga aylantirishda 44 nafar pudratchi dehqonlarning xizmatlari katta.

Xo‘jalik hududidagi ekinlarni agrotexnika qoidalariga muvofiq parvarishlash, vaqtida sug‘orish, oziqlantirish ishlari me’yorida olib borilgani uchun fermer xo‘jaligida dehqonchilik ishlarini yuritishda umuman muammo yo‘q. Qolaversa, xo‘jalik ixtiyoridagi texnika vositalaridan samarali foydalanish orqali ekinlar parvarishini yuqori sifatda amalga oshirishga erishilmoqda.

Ayni paytda fermer xo‘jaligi tasarrufida 2 ta T-28, 2 ta TTZ, 1 ta MTZ-80 rusumli traktorlar mavjud. Shu bois, yerlarni haydash, g‘o‘za qator oralariga ishlov berish, yetishtirilgan hosilni yig‘ishtirib olish va omborlarga tashish kabi ishlarda qiyinchilik yo‘q hisobi.

Fermer xo‘jaligi pudratchi dehqonlari joriy yilgi kuzgi bug‘doydan bo‘shagan yerlarga takroriy ekin ekib, yuqori hosil yetishtirishning ham hadisini olishgan. Bug‘doydan bo‘shagan yerlarga ekilgan 1 gektar mosh, 1 gektar soya ekinlari allaqachon unib chiqib, dastlabki agrotexnik tadbirlar boshlab yuborildi. Shuningdek, bug‘doy hosilidan bo‘shagan yerlarning 2 gektariga sabzi, yana 1 gektar piyoz ekish uchun tayyorlab qo‘yildi. 23 gektar yerdagi g‘o‘za nihollari baravj rivojlanib, birinchi suvdan keyin sog‘lom hosil nishonalari soni kun sayin ortmoqda.

Xo‘jalikning bog‘dorchilik tarmog‘i ham yil sayin serdaromad sohaga aylanib borayotganidan pudratchi dehqonlar mamnun. 2017 yilda tashkil etilgan 8 gektarlik bog‘da O‘zbekiston iqlimiga mos 8 ming tupdan ziyod eng sara mevali daraxtlar mavjud. Uch yildan beri o‘z hosilini bera boshlagan mevazor bog‘ning o‘zidan har gektar hisobiga 8 mln. so‘mdan, yiliga 64 mln. so‘m daromad olayotganidan nafaqat el-u yurt va fermer xo‘jaligi raisi Qurolboy Japaqov, balki xo‘jalik ishchilari ham birday manfaatdor.

Ayni kunlarda “Rajab-Japaq” fermer xo‘jaligi dalalarida g‘o‘za nihollarini qondirib sug‘orish, takroriy ekinlarni begona o‘tlardan tozalash, mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish kabi agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda. G‘o‘za parvarishi bilan birga ekinlar parvarishi ham sifatli amalga oshirilmoqda.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.