Hokim yordamchisi: Asosiy maqsadimiz − xalqni rozi qilish

Туман янгиликлари

Turkmaniston Respublikasiga chegaradosh hududlardan biri – Amudaryo tumanining chekka hududlaridan hisoblangan Do‘rman ovulida hayot qaynamoqda. Bu yerda istiqomat qiluvchi fuqarolar o‘tayotgan har bir kunidan rozi bo‘lib, ertangi kunga umid bilan yashayotgani yuzlarida aks etib turibdi.

Do‘rman ovulida aholi bandligini ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi Mahmudjon Narbayev ham bu borada o‘z vazifasini sidqidildan bajarib, ovulda tadbirkorlar safini kengaytirish, oilalarning daromad manbalariga ega bo‘lishlarini ta’minlash maqsadida tizimli ravishda ish olib bormoqda.

Hokim yordamchisi ushbu lavozimga tayinlangan kunidan e’tiboran aholini xatlovdan o‘tkazib, 4 toifaga ajratib oldi. Birinchi toifaga kiruvchi ya’ni, daromadi kam, lekin daromad topishga harakat qilayotgan xonadon egalaridan biri, Komil Hojiboyevning farzandlariga 25 sotixdan yer olishida amaliy yordam berildi. Bugungi kunda Hojiboyevlar oilasi o‘z oilaviy tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib qovun, tarvuz, sabzi, piyoz kabi poliz mahsulotlarini yetishtirmoqda.

Shuningdek, olingan hosil bozor rastalariga yetib bormasdanoq, xaridorgir bo‘lib, dala boshida sotilmoqda. Xonadon egalari yetishtirilgan poliz mahsulotlarining birinchi terimida 15-20 mln. so‘m atrofida sof daromad ko‘rish orqali oilaviy budjetining barqarorlashuviga, qolaversa ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlanishiga ham hissa qo‘shdi.

 Aytish kerakki, mahallalarda ish boshlagan hokim yordamchilari “xonadonbay” ishlash orqali aholi muammolarini o‘rganib bevosita hal qilmoqdalar.

Do‘rman ovulida xatlovdan o‘tkazilgan 501 xonadonda istiqomat qiluvchi 2 ming 661 nafar fuqarolarning ijtimoiy ahvoli o‘rganib chiqilib, yordamga muhtoj fuqarolarga amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Jumladan, hokim yordamchisining sa’y-harakatlari bilan 32 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, 34 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qishga yo‘naltirildi. Shuningdek, 49 nafar fuqaroga dehqonchilik bilan shug‘ullanishlari uchun yer maydonlari uzoq muddatga ijaraga berildi.

Bundan tashqari, o‘z tadbirkorligini chorvachilik yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lga qo‘yishni istagan 9 nafar fuqaroga 221 mln. so‘mlik imtiyozli kredit evaziga zotdor sigir va qo‘y-echkilar olib berilgan bo‘lsa, 6 nafar fuqaroga 187 mln. so‘mlik imtiyoli kredit evaziga texnika va asbob-uskunalar olib berilib, bandligi ta’minlandi.

Ovul aholisi orasida tadbirkorlikning baliqchilik, tikuvchilik va boshqa turlari bilan shug‘ullanish maqsadida imtiyozli kredit olib, yuqori daromad manbaiga ega bo‘layotgan fuqarolar ham anchagina.

Hokim yordamchisining bevosita aralashuvi hamda yordami bilan bugun ushbu fuqarolarning bandligi ta’minlanib, oilaviy sharoiti yaxshilanmoqda. Eng muhimi, ular o‘tayotgan har kunidan rozi, erangi kunga ishonch bilan mehnat qilmoqdalar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.