Tumanda "E-AUKSION" elektron savdo platformasi orqali 859 ta lotlarda 219,8 gektar yer maydoni savdoga qo‘yildi

Туман янгиликлари

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, Shu bilan birga, paxta va g‘alladan qisqartirilayotgan yer maydonlarida bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz va sabzavotchilik, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish sohasida eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishni ko‘paytirish, shuningdek, aholining keng qatlamlarini jalb qilish orqali ushbu yerlardan samarali foydalanish tizimini yaratish evaziga tarmoqda qo‘shimcha o‘sishga erishishda ilmiy asoslangan yondashuv va o‘rganishlarni inobatga olish taqozo etilmoqda.

Jumladan, hisob-kitoblarga ko‘ra 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xom ashyosiga nisbatan uzumdan 7 baravar, gilosdan 6 baravar, yong‘oqdan 5 baravar ko‘p daromad olish hamda ushbu yerlarda oilaviy tadbirkorlik doirasida kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha katta imkoniyat mavjud.

Amudaryo tumanida aholining daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholiga agrar tarmoqda o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy dehqonchilik yilida Amudaryo tuman hokimligi zahira yer maydonidan 3,9 gektar yer auksion savdolariga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur auksion savdolarida qatnashgan fuqarolardan 15 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar. Auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan 14 nafar ishsiz fuqaroning har biri 25 sotixdan, 1 nafar fuqaro esa 40 sotix yer egalari bo‘lishdi. Auksion g‘oliblariga Xolimbeg ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Usta Ollayor” fermer xo‘jaligi hisobidan 4 gektar yer maydoni ajratib berilib, ayni paytda yer egalari bo‘lgan 15 nafar fuqarolar piyoz, kartoshka, karam, bulg‘or qalampiri, pomidor, sabzi kabi sabzavot ekinlarini parvarish qilishmoqda.

Shuni alohida e’tirof etish kerakki, auksion savdolarida ishtirok etib, yer egasi bo‘lgan Jamol Iskandarov, Xosiyat Yo‘ldosheva, Dilshodbek Qurbonboyev, Jamshid Tilavov, Dilmurod Ahmedov va ularning hamqishloqlari nafaqat o‘zlarining ish bilan bandligini ta’minlashdi, balki oilasining iqtisodini ko‘tarish imkoniga ham ega bo‘lishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan tumanda bu boradagi rejaga binoan 2022 yilda 897 gektar, 2023 yilda 578 gektar, 2024 yilda 437 gektar va 2025 yilda 330 gektar maydonda dehqon xo‘jaliklarini tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

2022 yilda jami 932,4 gektar maydonda 3579 lotda dehqon xo‘jaliklari tashkil qilinishi belgilandi. Bugungi kun xolatiga "E-AUKSION" elektron savdo platformasi orqali 674,4 gektar maydonida 2659 lotlarda tanlov g‘olibi aniqlandi va yana "E-AUKSION" elektron savdo platformasi orqali 219,8 gektar maydonda 859 lotlar savdo maydonchasiga qo‘yildi.

 “Bir kontur - bir mahsulot” tamoyili asosida ishlarni to‘g‘ri tashkil qilish “Amudaryo tomorqa xizmat” MCHJ klasteri tasarrufidagi dehqon xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining bozorbopligini ta’minlash, bozorlarda narx-navoni bir xil ushlab turishga erishiladi. Bundan tashqari, dehqon xo‘jaliklari tashkil qilish orqali shu kungacha 2659 ta fuqaroning doimiy ish bilan bandligi taminlandi va yana 859 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, mavjud dehqon xo‘jaliklarining iqtisodiy ahvolini yaxshilash, mahsulot yetishtirish hajmini oshirish masalasiga ham e’tibor qaratmoqdamiz. Xususan, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi xuzuridagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qullab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan dehqon xo‘jaliklari uchun 14 foizdan bank kreditlari berish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Muxtaram Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan bu yo‘nalish, ya’ni «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga yer maydonlari ajratib berish orqali ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlardan xalqimiz ham mamnun. Bu yil yer berilgan yoshlarimiz orasidan tajribali va tashabbuskorlarini aniqlab, kelgusi yillarda tuman zahira yer fondi hisobidan yer maydonlari ajratib berish, shu bilan birga ularning fermer xo‘jaliklarini tashkil qilish uchun o‘tkaziladigan tenderda ishtirok etishlari uchun sharoit yaratishga, shu orqali aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.

Javlon RAJABOV, Amudaryo tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi xuzuridagi aholi xonadonlarida tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha agronom.