Yangi qurilayotgan binolarda qurilish xavfsizligi qoidalariga amal qilinishi yuzasidan nazorat o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Yoshi ulug‘larimizning “turli balo-ofatlardan, nohaq tuhmatlardan o‘zining asragaysan”, deya duo qilishlari bejiz emas.

Ha, hammamiz ham ulkan imoratlarning yong‘in kelib chiqishi oqibatida kuli ko‘kka sovurilganini, yo qulab tushib, fuqarolarning jabrlanganini, turli baxtsiz hodisalar tufayli ulkan yo‘qotishlarni boshidan kechirganlariga guvohmiz. Ayniqsa, keyingi yillarda yangi qurilib foydalanishga topshirilgan binolardan tabiiy gaz, elektr energiyasi tizimlariga ulashda zarur xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmagani tufayli yong‘in kelib chiqishi, binolarda tabiiy gaz to‘planib qolishi natijasida portlashlar yuzaga kelayotganini ijtimoiy tarmoqlarda kuzatmoqdamiz.

Buningdek baxtsiz favqulodda hodisalarning oldini olish uchun yangi qurilayotgan binolarda texnik xavfsizlik qoidalariga amal qilinishini nazorat qilib borish muhim ahamiyatga ega.

Yaqinda Amudaryo tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limining normativ texnik bo‘linmasi boshlig‘i, katta leytenant Behzod Allaberganov tumanda yangi qurilayotgan binolarda qurilish xavfsizligi qoidalariga amal qilinishi yuzasidan nazorat o‘tkazdi.

Xususan, To‘lqin ovulidagi 39-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti yangi binosi qurilishini amalga oshirayotgan quruvchilar bilan profilaktik suhbat o‘tkazdi.

Ushbu ob’ekt loyihasi “ARTURUS” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, qurilishi “Jumurtov tex ta’mir servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirilmoqda. Ob’ektda hozirgi kunda 6 ta brigada a’zolari mehnat qilishmoqda va birinchi qavati qurilishini davom ettirishmoqda.

Loyihaga muvofiq ushbu qavatda yong‘inning oldini olishga qaratilgan 2 ta 30 metr kub hajmdagi suv hovuzi qurilishi kiritilganligi, bu ishlarni xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda amalga oshirish lozimligi batafsil tushuntirildi va bu borada yo‘riqnomalar tarqatildi.

Quruvchilar bilan profilaktik suhbatlashish jarayonida Behzod Allaberganov ularni qiziqtirgan savollarga ham batafsil javoblar berdi.

Bundan ko‘zlangan maqsad – yangi qurilgan binolarda favqulodda baxtsiz hodisalar sodir bo‘lishining oldini olish, binoning loyihaga muvofiq mukammal qurilishiga erishish natijasida ko‘pgina ko‘ngilsizliklarning oldi olishiniga zamin yaratishdir.

Sevara Ismoilova, QDU talabasi.