Tuman hokimligining Axborot xizmati tomonidan OAV vakillari uchun media tur tashkil etildi

Туман янгиликлари

14 iyul kuni Amudaryo tumani hokimligining Axborot xizmati tomonidan tumandagi ommaviy axborot vositalari vakillari uchun media tur tashkil etildi.

Unda tuman hokimi o‘rinbosari Nodirbek Komolov, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari Fotima Eshimbetova, “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi maxsus muxbirlari Robiya Yo‘ldasheva, Oygul Rajabova hamda fotomuxbir Mahmudjon Shomuradovlar ishtirok etishdi.

Media tur doirasida jurnalistlar Mang‘it shahrining Gulzor mahallasi hududida yangidan barpo etilgan ko‘p qavatli arzonlashtirilgan uy-joylarda yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot oldilar.

Jurnalistlar yangidan qurilgan uy-joylarning eng muhim afzal tomoni − binolarning muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga ulanib, ijtimoiy va bozor infratuzilma ob’ektlariga yaqin hududda joylashganini e’tirof etishdi.

Darhaqiqat, yangi massivlarda qurilgan va qurilayotgan avtomobil yo‘llari, suv, gaz va elektr tarmoqlari, bolalar bog‘chalari, savdo shaxobchalari, sport maydonchalari aholining qulay shart-sharoitlarda yashashi uchun kompleks tizimni hosil qilmoqda.

 Media tur qatnashchilari uy egalarining xonadonlarida bo‘lib, ular bilan ham yaqindan suhbatlashdilar. Aksariyat qismi yosh oilalardan iborat bo‘lgan xonadon egalari yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanligini bildirib o‘tishdi.

 Aytish kerakki, jami 15,6 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga 3 ta 5 qavatli, jami 90 ta xonadonli uy-joylarning qurib bitkazilgani va foydalanishga topshirilgani uy-joyga muhtoj oilalrga katta sovg‘a bo‘ldi. Yangidan barpo etilgan mazkur uylarning har biri “Qishloq qurilish invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati buyurtmasi asosida 5,5 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga bunyod etildi.

Undan tashqari, ushbu uylarning 20 yil muddatga arzonlashtirilgan tartibda imtiyozli kredit asosida berilishi yosh oilalarga yaratilgan katta imkoniyatdir.

Tumanning me’moriy qiyofasini yaxshilash, yangi-yangi binolar barpo qilish va hududlarni obodonlashtirish ishlari zamirida, avvalo, odamlar uchun munosib turmush sharoitini yaratish maqsadi mujassamdir.

Jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillari tuman hokimligi va qurilish korxonasi mas’ullariga yangidan bunyod qilingan uy-joylarga oid savollar bilan murojaat qilib, tegishli javoblar oldilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati