“SAYAMED” KO‘Z KLINIKASI SAMARALI FAOLIYAT YURITMOQDA

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori xususiy sektorning sog‘liqni saqlash sohasida faoliyat yuritishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratdi.

Qaror asosida xususiy tibbiyot muassasalarining faoliyat yuritishiga, moddiy-texnik bazasining mustahkamlanishiga, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini, hajmini ko‘paytirishga imkoniyatlar yaratilmoqda. Natijada xususiy tibbiyot muassasalari rivoji uchun keng yo‘l ochilib, tibbiyot taraqqiyoti etgan mamlakatlarda foydalanilayotgan ilg‘or tibbiy texnologiyalar mamlakatimizga olib kelinib, bemorlarga aniq tashhis qo‘yish va davolashda samarali qo‘llanilmoqda.

Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi tumanimizda ham ilg‘or zamonaviy tibbiy texnologiyalar orqali tashhis qo‘yib davolaydigan xususiy tibbiyot muassasalari kun sayin ko‘paymoqda va aholining salomatligini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Mang‘it shahrining Olmazor mahallasida, tuman istirohat bog‘i yaqinida faoliyat ko‘rsatayotgan “Sayamed” ko‘z kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan xususiy klinika ham shular jumlasidandir.

Ijaraga olingan bino maxsus jihozlanib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar keltirilib, tashrif buyuruvchilarga qulay sharoitlar yaratilgan mazkur klinikada bemorlarga aniq tashhis qo‘yilib, davo muolajalari samarali olib borilmoqda.

Katarakta, glaukoma kabi kasalliklarga chalingan yurtdoshlarimiz hozirgi kunda ushbu muassasada og‘riqsiz jarrohlik amaliyoti tufayli darddan xalos bo‘lishmoqda.

Ayni kunda klinikada jami 7 nafar, shundan 3 nafar malakali ko‘z kasalliklari shifokorlari, bundan tashqari, o‘rta tibbiyot xodimi va kichik hamshira faoliyat yuritishmoqda.

Joriy yilning 28 fevralida ish boshlagan klinikaga shu kungacha 750 nafardan ziyod bemorlar murojaat qildi. Bemorlarning ko‘zlaridagi kasalliklarga aniq tashxis qo‘yilgan holda, aksariyati ushbu klinikada davolanib, dardlariga shifo topishdi.

Bu yurtdoshlarimizning olis shaharlarga borib ovora bo‘lib yurmasdan, tumanimizning o‘zida davolanishlari, nisbatan og‘ir bo‘lgan ko‘z kasalliklaridan ham jarrohlik usulida xalos bo‘lishlari uchun qulay sharoitlar yaratilganidan dalolatdir. Muhimi, bemorlar jarrohlik amaliyotidan bir necha soat o‘tgach, uylariga qaytishlari mumkin, faqat belgilangan vaqtda shifokor nazoratidan o‘tib, maslahatlariga amal qilib turishlari lozim.

Keyingi yillarda tumanimiz aholisi orasida ko‘zning shox pardasi jiddiy zararlanishi, ko‘z ichki bosimining oshishi, ko‘z qorachig‘i sirtiga et o‘sishi kabi kasalliklar ko‘proq uchramoqda. Avvallari odamlarni jiddiy xavotirga solgan buningdek kasalliklarni “Sayamed” ko‘z kasalliklari klinikasida boshqa muassasalarga nisbatan ancha arzon va samarali davolash yo‘lga qo‘yilganligi yurtdoshlarimiz uchun yana bir qulaylik bo‘ldi. Klinikada darddan forig‘ bo‘layotgan bemorlar bosh shifokor Yahyo Soliyev, shifokorlar Ilhom Xolimbetov, Komiljon Tajiboyevlar faoliyatidan juda xursand.

Dard borki, davo bor, deydi xalqimiz. Biroq o‘z hududingda, ovoragarchiliksiz davolanganga nima yetsin? Tabiiyki, tumanimizda ko‘z kasalliklari klinikasining tashkil etilganligi aholi uchun bu borada muhim imkoniyatdir.

Oygul RAJABOVA.