Hokim yordamchisining ko‘magi bilan tadbirkor suv tozalash uskunasi o‘rnatib, 4 ta mashina yordamida aholiga kuniga 10-15 tonna tozalangan suv yetkazib bermoqda

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanining 3-sektori hududida joylashgan Bobur nomli ovulda 873 ta xonadonda 1264 ta oilalar istiqomat qiladi. Shundan 321 tasi yosh oilalar hisoblanadi. 478 gektarlik hududni egallagan ovulda jami 4542 nafar o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, rus, tatar kabi turli millat vakillari ahil-inoq yashab, o‘zlarining hayotlarini o‘z mehnatlari bilan obod, farovon va to‘kin qilishga intilishmoqda. Hududdagi biri-biridan muhtasham, zamonaviy binolar, turar joylar, ravon, keng yo‘llar ezgu niyatlar yo‘lida qilinayotgan mehnatlarning natijasidan darak berib turibdi.

Ovul fuqarolar yig‘ini mas’ullari har yili yil boshida hududdagi kam ta’minlangan, ishsiz aholini ro‘yxatga olib, ushbu oilalarning daromad manbaiga ega bo‘lishi, iqtisodini tiklashiga harakat qilmoqda.

Aytish joizki, ovulda 861 ta xonadon tomorqa yeriga, shundan 216 ta xonadon esa qo‘shimcha tomorqa yeriga ega bo‘lib, umumiy maydoni 110 gektarni tashkil etadi. 28 ta xonadonda qishda ham turli sabzavotlar, ertagi ekinlar ko‘chatlari yetishtiruvchi issiqxonalar mavjud. 821 ta oilada uy parrandalari qo‘shimcha daromad keltirmoqda. Shuningdek, 2476 bosh yirik shoxli qoramollar, 160 bosh qo‘y va echkilar namunali boqilib, aholining chorva mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilmoqda.

2021 yil boshida 58 nafar ayol “Ayollar daftari”ga, 115 nafar yoshlar esa “Yoshlar daftari”ga kiritilgan edi.

Ushbu fuqarolarning ko‘pchiligi mehnatga layoqatli bo‘lganligi tufayli ularning ish bilan band bo‘lib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga va oilasida qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish maqsadida chorva mollari boqish, tomorqasidan unumli foydalanishga jalb etildi.

Joriy yilning o‘zida tuman hokimining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Alisher Yo‘ldoshev ovul fuqarolar yig‘ini mas’ullari bilan hamkorlikda hududdagi oilalarni xatlovdan o‘tkazib, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shuningdek ishlash istagidagi ishsiz yoshlarni, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolarni aniqlab, kerakli amaliy yordamlarni ko‘rsatib kelmoqda.

Hokim yordamchisining bevosita aralashuvi va ko‘magi bilan ovulda yashovchi fuqaro Baxtiyor Xidirboyev 33 mln. so‘m imtiyozli kredit hisobiga suv tozalash uskunasini o‘rnatdi va 7 ta yangi ish o‘rni yaratdi. Shuningdek Javlon Qutlimurodov ham suv tozalash uskunasi o‘rnatib, 4 ta mashina yordamida aholiga kuniga 10-15 tonna tozalangan suv yetkazib bermoqda.

Uy bekasi Matluba Abdullayeva 33 mln. so‘m kredit hisobiga 20 ta zotdor qo‘y sotib olib, parvarish qilayapti. Nizomiddin Xalillayev 2 sotixlik issiqxonada limon yetishtirishni, yo‘lga qo‘ygan. Bobur nomli ovulda yashovchi yana bir fuqaro Maxsuda Samandarova esa yig‘in binosining bo‘sh turgan xonasida tikuvchilik sexi tashkil qilib, hududning 4 nafar ayol-qizlarini ish bilan ta’minladi.

Harakatda – barakat, deydi xalqimiz. Chindan-da, chor-atrofimizga nazar solsak, ko‘nglida ezgu niyati, bilagida kuchi bor, yaxshi yashashga intilgan odamlarning hayoti fayzli, obod bo‘layotganini ko‘ramiz.

Tumanimizning ovul va mahallalarida faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari ana shunday fuqarolarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlab, amaliy yordamlar berayotgani nur ustiga a’lo nur bo‘layotir.

Oygul RAJABOVA.