“Korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali usullari” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Korrupsiya – bu jamiyatnining rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xavfli jinoyat hisoblanadi. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazibgina qolmasdan, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik va boshqa hodisalarning ildiz otishiga sharoit yaratib beradi.

Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, ushbu illat dunyoning barcha mamlakatlarida uchraydi. Uni bartaraf etish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, mamalakatimizda ham mazkur jinoyatning oldini olish maqsadida bir qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, keyingi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mehanizmlari ishlab chiqildi va keskin kamayishiga erishildi.

25 noyabr kuni Amudaryo tumani Davlat xizmatlari markazida “Korrupsiyaga qarshi kurashish usullari” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda tuman hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi mudirasi Sanobar Xolboyeva, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Nilufar Jumaniyozova, tuman prokurori yordamchisi Abbaz Niyazimbetov, Ichki ishlar bo‘limining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori Inobat O‘razmatova hamda mahallalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi mudirasi Sanobar Xolboyeva korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillar sifatida aholining huquqiy savodxonligi pastligi, mamlakatda diniy va axloq qoidalarining buzulishi, inflyatsiyaning yuqori darajasi, davlat sektoridagi xizmat qilayotgan xizmatchilar daromadlarining xususiy sektorda topish mumkin bo‘lgan daromadlardan kamligi va shu kabi boshqa sabablar ekanligini aytib o‘tdi.

Tuman Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Nilufar Jumaniyozova esa korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali usullari haqida gapirdi. Keltirilishicha, ichki va tashqi nazoratni kuchaytirish va saylov tizimi orqali kurashish jahon mamlakatlarida tan olingan usul sifatida qaraladi.

Boshqaruv apparatining o‘zida ichki nazorat tuzilmalari tashkil etilib, ushbu tuzilma a’zolari xodimlarning etiket qoidalariga rioya qilishlarini nazorat qilib borsa, mazkur illatning sezilarli darajada kamayishiga erishiladi.

Shundan so‘ng, Ichki ishlar bo‘limining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori Inobat O‘razmatova tumandagi har bir korxona, tashkilot, muassasa rahbarlari, xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishda har qanday moddiy qiymatga ega “hadya”larning berilishiga, olishiga yoki ularning xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan boshqa imtiyozlar taklif qilinishga qarshi samarali tarza kurashilayotganligi, shuningdek, ushbu illatga qarshi kurashishda xodimlar orasida qat’iy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish maqsadida turli ijtimoiy tadbirlar, sport musobaqalari va tanlovlar o‘tkazilib kelinayotganligini ta’kidladi.

Tuman prokurori yordamchisi Abbaz Niyazimbetov faqatgina pora olgan kishi korrupsioner emasligini, balki pora taklif qilgan va bergan shaxs ham jinoyatchi bo‘lishini aytib, jinoyatga jazo muqarrar ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Tuman hokimi o‘rinbosari Go‘zal Saburova xotin-qizlar faollariga o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan va vijdonan bajarishlarini, ish jarayonini holislik va shaffoflik tamoyillari asosida samarali usulda tashkil etishlari lozimligini aytib murojaat qildi.

Shuningdek, korrupsiviy holatlarning oldini olishda barcha birdek harakat qilishi lozimligini bu esa jamiyat rivojida nihoyatda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Darhaqiqat, ba’zi fuqarolarning qonunlarga e’tiborsizligi, befarqligi, har bir ishni pul orqali hal qilish mumkin degan fikri uning farzandlari va oilasi oldida, yashab turgan joyidagi hamqishloqlari orasida yuzini yerga qaratadi. Shunday ekan ushbu illatdan barchamiz yiroqda bo‘laylik!

Tuman hokimligining Axborot xizmati.