KЕKSALAR UCHUN TURIZM OYLIGI DOIRASIDA KONSERT DASTURI NAMOYISH ETILDI

Туман янгиликлари

Vazirlar Mahkamasining “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 28 maydagi qaroriga asosan yurtimizda har yili noyabr oyida “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida turli tadbirlar tashkil etiladi. Oylik doirasida Amudaryo tumanida ham keksalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida turli ijtimoiy loyihalar amalga oshiriladi, uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkaziladi, yurtimizning diqqatga sazavor joylariga sayohatlar uyushtiriladi.

26 noyabr kuni tuman Madaniyat bo‘limining konsertlar zalida oylik doirasida “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda nuroniylarning o‘rni” deb nomlangan katta musiqiy konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda Madaniyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirga 250 nafardan ziyod faxriylar, nuroniy otaxon va onaxonlar tashrif buyurishdi.

Tadbir boshlanishida tuman “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari Bekman Allaberganov oylik doirasida o‘tkazilgan tadbirlar haqida ma’lumot berdi hamda yurtimizda keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tibor, g‘amxo‘rliklar haqida so‘zladi. Keksalarni hurmat qilish, ularga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish jamiyatimizning o‘ziga xos yuksak ma’naviy, madaniy belgisiga aylanganini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, shu kunga qadar tumanimizdagi ovul va mahallalarda yashovchi ko‘plab nuroniylar respublikamizning diqqatga sazovor joylari, tarixiy va madaniy maskanlari, ziyoratgohlar bo‘ylab sayohatda bo‘lishganini, turli tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy kechalar, uchrashuvlar tashkil etilganini gapirib o‘tdi.

Shundan so‘ng, tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan katta musiqiy dastur nuroniylar e’tiboriga havola qilindi. Dastur davomida ustoz san’atkorlar ijrosida mumtoz kuy va qo‘shiqlar yangradi. Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan otaxon va onaxonlar turli yo‘nalishidagi sho‘x navolarga raqs tushib, kayfiyatlarini yanada ko‘tarishdi. Keksalarga, ayniqsa, “Uchqun” ashula va raqs ansambli, “Ofarin” folklor-etnografik xalq jamoasi ijrosidagi kuy va qo‘shiqlar juda manzur bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida tumanimizning olis va chekka hududlarida ham turli tadbirlar o‘tkazilib, keksa otaxon va onaxonlar holidan xabar olingan holda, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatilib, turli sovg‘alar berilmoqda. Nuroniylar tarixiy va ziyoratgoh maskanlarga sayohatlarga, sport va sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlariga jalb etilmoqda. Bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, salomatliklari tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Undan tashqari, boy hayotiy tajribaga ega nuroniylar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvlari” tashkil etilib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarda yangidan barpo etilayotgan bog‘larga mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlari o‘tqazish marosimlari uyushtirilmoqda.

Oylik doirasida tuman Madaniyat bo‘limida tashkil etilgan katta konsert davomida nuroniylar miriqib hordiq chiqardilar. Namuna mahallasida yashovchi faol nuroniy Farhod Avezov barcha nuroniylar nomidan bu kabi ehtirom, e’zoz, elimiz faxriylariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, yosh avlod kelajagi yo‘lida qilinayotgan olijanob ishlar uchun Prezidentga, qolaversa tumanimiz mas’ullariga, tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirdi.

O.Xudoyberganova.