TUMAN SPORT MAKTABIDA BADIIY GIMNASTIKA BO‘YICHA OCHIQ BIRINCHILIK MUSOBAQASI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Badiiy gimnastika tasma, koptok, xalqa, arg‘amchi yordamida, shuningdek, hech qanday detallarsiz, ya’ni nafis gimnastika, raqs mashqlarini musiqa sadolari ostida bajarishdan iborat sport turi bo‘lib, keyingi yillarda o‘smir-yoshlar orasida juda ommalashmoqda.

O‘tgan asrning 40-yillaridan boshlab ilk badiiy gimnastika musobaqalari o‘tkazila boshlagan bo‘lsa, 50-yillari oxirida xalqaro gimnastika Federatsiyasi badiiy gimnastikani sport turi sifatida tan oldi. 1963 yildan boshlab har ikki yilda bir marta mazkur sport turidan jahon chempionati o‘tkazib kelinmoqda. 1984 yilda ushbu sport turi Olimpia o‘yinlari dasturiga kiritilgan.

Sportning ushbu turiga mamlakatimizda, shu jumladan, Amudaryo tumanida ham ulkan e’tibor qaratilmoqda. Natijada shug‘ullanuvchilar orasida nufuzli xalqaro musobaqalar g‘oliblari, O‘zbekiston chempionlari yetishib chiqayapti.

26 noyabr kuni tuman sport maktabi rahbariyati va trener Shahodat Rajabova tashabbusi bilan badiiy gimnastika bo‘yicha maktab ochiq birinchiligi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

Bellashuvda Nukus shahridan 3 ta jamoa, Ellikqal’a tumanidan 2 ta jamoa va tuman sport maktabidan iqtidorli gimnastikachi qizlar ishtirok etdilar va g‘oliblik uchun bahs olib bordilar.

Ochiq birinchilik musobaqalari ochilish marosimi bayram tusini oldi. Tuman sport maktabi direktori Chorsham Tojimurodov musobaqada qatnashib, o‘z iqtidorini sinovdan o‘tkazish, sahnada yuksak mahorat ko‘rsatib, g‘oliblikka erishish, o‘z tengdoshlari bilan do‘stona munosabatda tajribalarini o‘rganish maqsadida tashrif buyurgan badiiy gimnastikachi qizlarga minnatdorlik bildirdi va muvaffaqiyatlar tiladi.

Sport maktabi zalida o‘z murabbiylari bilan saf tortib turgan badiiy gimnastikachi qizlarga musobaqa bosh hakami, oliy toifali hakam G.Bobojonova tanishtirilgach, musobaqa shartlari e’lon qilindi.

Musobaqani kichik yoshdagi badiiy gimnastikachi qizlar boshlab berishdi. Jami 80 nafar qizlar sport maktab ochiq birinchiligi musobaqalarida o‘zaro mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Natijalarga ko‘ra, tuman sport maktabi tarbiyalanuvchilari Ruxsora Alimboyeva, Sevinchoy Alimboyeva, Zarnigora Qadamboyeva, Xulkaroy Abdullayeva, Sevinchoy Gulimbetova, Maftuna Shuhratova, Sug‘diyona Bektemirovalar o‘z vazn toifasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.

Bu natijalarga o‘z-o‘zidan erishilayotgani yo‘q. Sport maktabda 4 nafar malakali murabbiylar 150 nafardan ziyod iste’dodli qizaloqlarga badiiy gimnastika sir-asrorlarini o‘rgatishayapti. Mashqlar davomida ushbu nafis sport turi yosh qizlarga qunt bilan o‘rgatilayotgani shug‘ullanuvchilar erishayotgan yutuqlarda ham namoyon bo‘layotir.

Ochiq birinchilik musobaqalari yakunida g‘olib bo‘lgan va faol ishtirok etgan badiiy gimnatikachi qizlar sport maktab ma’muriyati tomonidan rag‘batlantirildi.

Oygul RAJABOVA.