“Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” tadbirlari o‘tkazilmoqda

Туман янгиликлари

Ma’lumki, mamlakatimizda joriy yilning 25 noyabr kuni start berilgan “Zo‘ravonlikka qarshi birgalikda kurashamiz” shiori ostidagi “Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” tadbirlari Respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilmoqda. 7 dekabr kuni shunday tadbirlardan biri Amudaryo tumanidagi 82-sonli umumta’lim maktabi binosida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassislari Bayramgul Ayimbetova, Xudaybergan Nizamatov, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanlararo markazi direktori Gavxar Chimbaychiyeva, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor, podpolkovnik Inobat O‘razmatova, Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi direktori Gulsara Jollibekova, tuman hokimligining din ishlari bo‘yicha mutaxassisi Muzaffar Sherimbetov hamda deputatlar, davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, huquqshunoslar, o‘qituvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishni tuman hokimining o‘rinbosari Go‘zal Saburova ochib berdi hamda gender zo‘ravonlik geografik, ijtimoiy yoki iqtisodiy chegaralarni bilmaydigan global muammo ekuanligini, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 15 yoshdan oshgan har uchinchi ayol hayoti davomida kamida bir marta bo‘lsa ham jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka uchrashini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Gulsara Jollibekova O‘zbekistonda keyingi yillarda gender zo‘ravonligining oldini olish va unga qarshi kurashning tashkiliy-huquqiy asoslari yanada mustahkamlanib, ayniqsa, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, bu hodisa jabrdiydalarini reabilitatsiya qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarga asoslangan qator sa’y-harakatlar amalga oshirib kelinayotganligini ta’kidladi. Bu jarayonlarda nodavlat notijorat tashkilotlari alohida tashabbuskorlik va faollik bilan ishtirok etishayotgani quvonarli hol ekanligini aytib o‘tdi.

Darhaqiqat, “Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kampaniyasi doirasida nodavlat jamoat tashkilotlari tomonidan ko‘plab samarali tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tumanimizda ham “Zo‘ravonlikni va kamsitilishini oldini olishga har birimiz mas’ulmiz” mavzuida uchrashuvlar, “Xotin-qizlarni  tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish  tug‘risida”, “Xotin-qizlar va erkaklar  uchun teng  huquq hamda imkoniyatlar  kafolatlari  tug‘risida”gi qonunlarni bilasizmi?” mavzularida davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilishda Bayramgul Ayimbetova bunday tadbirlarni o‘tkazishdan maqsad, yurtimizda turli shakllardagi zo‘ravonliklarning oldini olish va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash va sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishdan iborat ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, davra suhbatida so‘z olgan Inobat O‘razmatova va boshqalar keyingi vaqtlarda mamlakatimizda gender tengligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaralari haqida alohida to‘xtaldi.

Davra suhbatida, o‘z tashkilotlari faoliyati misolida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va ta’minlash, gender zo‘ravonlikning turli shakllariga qarshi kurashish, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada erishilayotgan yutuqlar va mavjud muammolar haqida atroflicha fikr yuritildi. Shuningdek, zo‘ravonlik jabrlanuvchilarini himoya qilishga qaratilgan qonun hujjatlarining ijrosi, jamiyatda gender zo‘ravonlikka barham berishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolar, xotin-qizlarning huquqiy himoyasi bo‘yicha qonunchilikdagi bo‘shliqlar va ularni bartaraf etish kabi qator mavzular ham keng muhokama qilindi va qator taklif hamda tavsiyalar bildirildi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati