Yoshlik – tuganmas shijoat, aniq maqsadlar yo‘lida tinimsiz mehnat, mashaqqatlar va muvaffaqiyatlar fasli. Katta avlodning orzu-havaslari, ushalmagan niyatlari kuch-g‘ayratga to‘la navqiron avlodning muvaffaqiyat yo‘lidagi dadil harakatlarida namoyon bo‘ladi go‘yo... Yoshlik hech qachon mag‘lubiyatni tan olmaydi. Shuning uchun Yoshlik hamisha g‘oliblikka munosib.
Mamlakatimizning barcha hududlarida, xususan, Amudaryo tumanida ham 30 iyun – Yoshlar kuni zo‘r tantanalar bilan nishonlandi. Sana munosabati bilan Do‘stlik mahallasida joylashgan bolalar va o‘smirlar markaziy o‘yingohida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida tashkil etilgan bayram dasturi yoshlarga ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas quvonchli lahzalarni baxsh etdi.
Bayram tadbirida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, sohaga mas’ul mutasaddilar va tumanimiz yoshlari ishtirok etishdi.
Tabdir avvalida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining Davlat madhiyalari yangradi. Navqiron avlod vakillari qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, yurt madhini jo‘r bo‘lib kuylashdi.
Shundan keyin tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, yoshlarini bayram bilan samimiy muborakbod etdi. Tuman hokimi o‘zining tabrik nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yoshlar bilan ishlashning yangi tizimi yaratilganligi, ijtimoiy faol, Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik tuyg‘ulari bilan yashayotgan yosh avlodning safi yildan-yilga tobora kengayib borayotganini ta’kidlab, yurtimizda yoshlarga yaratilgan zarur sharoit va imkoniyatlardan samarali foydalanib, muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan tumanimiz faxrli yoshlarining yutuqlarini alohida e’tirof etib o‘tdi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda aholining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. Shuning uchun O‘zbekiston yoshlar mamlakati sifatida e’tirof etiladi. Bundan yetti yil muqaddam – 2017 yilda Prezidentimiz tashabbuslari bilan 30 iyun “Yoshlar kuni” sifatida belgilangani nafaqat yoshlarimiz, balki butun xalqimiz hayotida tarixiy voqea bo‘lgan edi. Joriy yilning yurtimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” sifatida belgilanishi ham O‘zbekiston yoshlari hayotida yangi sahifalarni ochdi.
Bugun hayotimizning qaysi soha va tarmog‘ini olmaylik, yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik asosiy o‘ringa ko‘tarilib, ularga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Keyingi paytlarda hayotga tatbiq etilgan “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturi” doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida ko‘plab yoshlarning hayotidagi muammolari hal qilinishiga erishilmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mamlakat miqyosida o‘tkazilayotgan musobaqa va tanlovlarda tumanimiz yoshlarining erishgan yutuqlari bayram uchun munosib sovg‘a bo‘ldi. Xususan, Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun o‘tkazilgan musobaqalarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida futbol bo‘yicha To‘lqin ovuli yigitlari jamoasi, mini futbol bo‘yicha esa Xolimbeg ovuli qizlari jamoasi g‘olib chiqib, mamlakat miqyosidagi bosqichga yo‘llanma olgani amudaryolik sport ixlosmandlariga katta tuhfa bo‘ldi. Bundan tashqari, bayram arafasida amudaryolik Abbos Yo‘ldoshevga shaxsan Prezidentimiz tomonidan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti topshirilgani barchamizni xushnud etdi.
Konsert dasturida tumanimizning taniqli estrada yulduzlari ijrosida yangragan sho‘x qo‘shiqlar yoshlarni zavqlantirib, raqsga chorladi. San’antkorlar tomonidan kuylangan qo‘shiqlarda yoshlik, ona Vatan, do‘stlik, muhabbat tuyg‘ulari tarannum etildi. Ayniqsa, istedodli yosh estrada yulduzi Boburbek Arabboyev ijro qilgan sho‘x qo‘shiqlar yoshlar davrasini yanada jonlantirdi.
Fursatdan foydalanib, biz ham tumanimizning barcha yoshlarini 30 iyun – Yoshlar kuni bilan yana bir bor muborakbod etamiz. O‘zbekiston yoshlarini Vatan ravnaqi uchun munosib xizmat qilishlarida kuch-g‘ayrat va shijoat hech qachon tark etmasin!
Shohzod Qurbonboyev
manba: amunews.uz