1 avgust kuni Amudaryo tumani huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashining yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda 2024 yilning birinchi yarmida hududda jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olishdagi huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan amalga oshirilgan ishlar keng muhokama qilindi va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Arman Yergunusov, tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov, tuman IIB boshlig‘i Jamoladdin Yusupov, Soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Rahimov, tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova, tumandagi 49ta ovul va mahallalarda faoliyat olib borayotgan “yettilik” a’zolari, prokuratura va IIB xodimlari ishtirok etdilar. Yig‘ilishda tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi.
Ta’kidlanganidek, Amudaryo tuman prokuraturasi tomonidan hududdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani to‘liq ro‘yobga chiqarish, hududda qonun ustuvorligini va qilmish uchun jazo muqarrarligini ta’minlash tamoyili asosida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hisobotda keltirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Sohadagi ishlarni tartibga solishda huquqbuzarliklar oqibati bilan kurashish emas, balki ularning barvaqt oldini olish zarurligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada qator islohotlar amalga oshirilib, ishlar “mahallabay” va “xonadonbay” tizimda tashkil etilayotganligi sababli o‘tgan davrda hududdagi 49ta mahallalarning 13tasida, ya’ni 26,5 foizida jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan hamda 20tasi, ya’ni 40,8 foizida jinoyatlar kamaygan yoki barqaror saqlangan.
Shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish maqsadida jami 158ta himoya orderlari berilgan, barchasi IIB tashabbusi va fuqarolarning arizalari asosida rasmiylashtirilgan.
Yig‘ilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga hamda mahallalar “yettiligi” mas’ullariga jinoyat va huquqbuzarliklarning olini olishda hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.