AHOLINING ISH BILAN BANDLIGINI TA’MINLASH – XALQ FAROVONLIGINI TA’MINLASHDIR

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda aholining ish bilan bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli yil sayin ishsizlik darajasi kamayishiga erishilmoqda. Bu borada Amudaryo tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan rejali sa’y-harakatlar aholi bandligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolar yechimini topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yilning 23- avgust kuni Amudaryo muhandislik texnikumi binosida bo‘lib o‘tgan mehnat yarmarkasida ham tumanning turli hududlarida yashovchi ko‘plab fuqarolar ning ish bilan bandligi ta’minlandi. Ochiqlik va shaffoflik asosida bo‘lib o‘tgan mehnat yarmarkasida Amudaryo tuman prokurori, adliya maslahatchisi Abat Jumamuratov, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman hokimi yordamchilari hamda boshqa hamkor tashkilotlar, tijorat banklari vakillari qatnashdilar.

Yarmarkada tumandagi 97 ta korxona va tashkilotlar vakillari 509 ta bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etdilar. Mehnat yarmarkasida 63 nafar ishsiz fuqarolar, aliment to‘lovchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, bitiruvchi yoshlar korxona va tashkilotlar tomonidan taklif etilgan bo‘sh ish o‘rinlari bilan batafsil tanishdilar va o‘zlarining kasbiy ko‘nikmalariga mutanosib ish o‘rinlarini tanlashlari uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Yarmarkani Amudaryo tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Rashid Salayev ochdi va olib bordi. Shuningdek, Rashid Salayev yarmarka orqali tavsiya etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berdi. Shundan so‘ng, yarmarka ishtirokchilariga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi xodimlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari va ularga aholini ishga joylashtirish, ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish aholini xorijiy davlatlarga ishga joylashtirish hamda ularning mehnat huquqlari va mehnat muhofazasini ta’minlash masalalari bo‘yicha huquqiy maslahat va ma’lumotlar olishlari uchun barcha sharoitlar, jumladan, videoroliklar, bannerlar, risolalar, bukletlar tarqatilib, yarmarkada taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha suhbatlar tashkil qilindi.

Tadbirda 10 nafar ishsiz xotin-qizlarga hokim yordamchilari tavsiyalari asosida o‘zini-o‘zi band qilish orqali doimiy daromadga ega bo‘lishi uchun subsidiya hisobidan tikuv mashinalari berildi hamda ularning bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, Mang‘it shahrining Oybek nomli mahallasida joylashgan Axborot kutubxonasida 3 oylik o‘quv kursini bitirgan 10 nafar ishsiz xotin-qizlarga “kompyuter savodxonligi” yo‘nalishida sertifikatlar topshirildi va ularga ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritishlari va subsidiya asosida tikuv mashinalari olishlari mumkinligi tushuntirildi.

Yarmarkada 28 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildilar, shundan 16 nafari xotin-qizlar, 10 nafari yoshlar, 7 nafari oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilaridir. 7 nafar ishsiz fuqarolar esa kasb-hunarga o‘qitishga jalb qilindi.

Yarmarka davomida bo‘lim xodimlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari, ularga aholini ishga joylashtirish bo‘yicha 18 fuqaroga, ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha 21 fuqaroga, aholini xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish bo‘yicha 17 fuqaroga, aholining mehnat huquqlari va mehnat muhofazasini ta’minlash bo‘yicha 14 fuqaroga huquqiy maslahatlar, kerakli ma’lumot va tavsiyalar, shuningdek, chet davlatlarda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga ZOOM platformasi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri ish beruvchilar bilan suhbatlarda qatnashish imkoniyatlari mavjudligi to‘g‘risida ham ma’lumotlar berildi.

Rashid Salayev, Amudaryo tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i.