Umumta’lim maktablarida “Birinchi qo‘ng‘iroq” sadolari yangrab, yangi o‘quv yili boshlandi

Туман янгиликлари

4 sentyabr kuni kuni mamlakatimizning barcha hududlaridagi umumta’lim maktablarida “Birinchi qo‘ng‘iroq” sadolari yangrab, yangi o‘quv yili boshlandi.

Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 86ta umumta’lim maktablarida ham yangi 2024-2025 o‘quv yilining birinchi kuni tantanali tarzda nishonlandi. Ilk marta maktab ostonasiga qadam bosgan 3600 nafar 1-sinf o‘quvchilariga 12 turdagi o‘quv qurollari, maktab sumkasi, darsliklar majmuasidan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi. Bolalar uchun bu tantana nafaqat maktab atalmish ma’rifat maskaniga qadam qo‘yish, balki hayotidagi yangi davrga yo‘l ochuvchi hayajonli, orziqib kutilgan va unitilmas sana sifatida xotiralarida muxrlandi.

Har bir umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbirda tasdiqlangan jadvalga muvofiq tuman hokimi, sektorlar rahbarlari, deputatlar, muassasa va tashkilotlar rahbarlari, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, keng jamoatchilik vakillari, mahalla faollari va ota-onalar qatnashdi.

Tadbirlar avvalida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangrab, o‘quvchilar – navqiron avlod vakillari qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, yurt madhini jo‘r bo‘lib kuylashdi.

33-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan shunday tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ishtirok etib, yig‘ilganlarni Mustaqillik bayrami va yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan tabrikladi.

Tuman hokimi o‘z nutqida barchani yangi o‘quv yili bilan qizg‘in muborakbod etib, ilmga chanqoq o‘quvchilar va jonkuyar o‘qituvchi-murabbiylarga omad hamda muvaffaqiyatlar tiladi. Ayniqsa, maktabga ilk bor qadam qo‘ygan 1-sinf o‘quvchilarini, ularning ota-onalarini farzandlarining hayotida yangi davr boshlanayotgani bilan tabriklab, ma’rifat maskanida yetuk insonlar bo‘lib kamol topishlariga tilakdoshlik bildirdi.

Ta’kidlanganidek, bugun mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ma’muriy islohotlar ta’lim sohasi rivojiga xizmat qilyapti. Keyingi yillarda mamlakatimizda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etilib, Prezident va ijod maktablari yoshlarimizning bilimlarini keng dunyoga namoyish etish imkonini yaratdi. Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ida esa o‘quvchilar o‘zlari qiziqqan fanlardan chuqurlashtirilgan tarzda ham nazariy, ham amaliy bilimlarni o‘rganishmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, yakunlangan o‘quv yilida Amudaryo tumanidagi umumta’lim maktablarining 11-sinfini 2963 nafar o‘quvchi bitirdi. Shundan 2597 nafari oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish imtixonlarida ishtirok etishdi. O‘quvchilardan 757 nafari imtihonlardan muvaffaqaiyatli o‘tishdi, xususan, 164 nafar grant, 593 nafari to‘lov shartnoma asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi. E’tirof etish joizki, 40-sonli umumta’lim maktabining 11-«D» va 36-sonli umumta’lim maktabining 11-«G» variativ sinfi o‘quvchilari 100 foiz oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi.

Maktabning bayromana bezatilgan hovlisida tantana davom etdi. Musiqa sadosi ostida o‘quvchilar bilimga chorlovchi she’r va qo‘shiqlar ijro etishdi. Birinchi sinfga qadam qo‘ygan o‘quvchilar tantanali tarzda Prezident sovg‘alarini tuman hokimi Sobir Xo‘jametov qo‘lidan qabul qilib olishdi. Ular maktabda a’lo baholarga o‘qishga, bilimlarni qunt bilan egallashga va’da berishdi.

Bunday tantanalar tumanimizning boshqa maktablarida ham ko‘tarinki saviyada tashkil etildi. “Birinchi qo‘ng‘iroq” chalinganidan so‘ng o‘quvchilar barcha qulayliklarga ega, zamonaviy jihozlangan, shinam sinfxonalar sari hayajon va ishtiyoq bilan yo‘l oldi.

Tumandagi 22-sonli maktabda ham “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak –Vatanmiz” shiori ostida “Mustaqillik darsi” o‘tildi. Ushbu darslarda istiqlol yillarida erishilgan yutuqlar, yoshlarimiz qo‘lga kiritayotgan marralar hamda milliy tariximizning yorqin lavhalari haqida o‘quvchilarga so‘zlab berildi. Zotan “Mustaqillik darsi”dan ko‘zlangan maqsad yangi o‘quv yilini o‘quvchilar tafakurini milliy va umuminsoniy qadriyatlar, Vatanga muhabbat va sadoqat, insonparvarlik tuyg‘ulari bilan uyg‘un holda boshlashdan iborat.

“Birinchi qo‘ng‘iroq” va “Mustaqillik darsi” tadbirlari o‘quvchilar, ota-onalar, pedagoglar uchun shukuhli tarzda o‘tdi.    

Rayhon Yakubova, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining Maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘basi metodisti.