Oybek nomli mahallada tuman hokimining yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

18 yanvar kuni Oybek mahallasida tuman hokimining yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov, hokim o‘rinbosari Mahmud Shermetov, mutasaddi tashkilot mas’ullari hamda mahalladagi faol yoshlar ishtirok etishdi.
Uchrashuvda tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov yoshlar muammolarini o‘rganish va tizimli hal qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
 Shundan so‘ng, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev mamlakatimizda unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iste’dodlarini yuzaga chiqarish uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar xususida aytib o‘tdi.
 Shu bilan birga Amudaryo tumanida yakunlangan 2022 yil davomida yoshlarning bandligini ta’minlash, kasbga o‘qitish, ijtimoiy muammolarini tizimli hal qilish borasida olib borilgan ishlar sarhisob qilindi.
 2023 yilga mo‘ljallangan rejalar yoshlarning bevosita ishtirokida muhokama qilindi.
Mahalladagi hokim yordamchisi Mahmud Saparbayev aholi orasida xatlov jarayonlari olib borilayotganligini, bu jarayonda har bir fuqaroning xonadonida bo‘lib ular bilan birma-bir suhbat olib borilayoganligini ta’kidladi.
Ahamiyatlisi, xatlov jarayonlarida yoshlarning aksariyati tadbirkorlik qilish istagi borligini bildirib yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar so‘rayotganligini aytib o‘tdi.
Mahalladagi yoshlar yetakchisi Quvvat Esamuradov esa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida sportni ommalashtirish, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng, yoshlardan Surayyo Yo‘ldasheva Oliy ta’lim muassasasida kontrakt asosida ta’lim olayotganligini bildirib kontrakt to‘lovining 50 foizi qoplab berilishida tuman hokimidan amaliy yordam so‘radi.
 Shuningdek, yoshlardan Baxadir Sobirov oilaviy sharoiti haqida ma’lum qilib muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnoma badali qoplab berilishiga amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Yoshlardan Bahoroy Sa’dullayeva ham Oliy ta’lim muassasasiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganligini, ammo oilaviy sharoiti sabab kontrakt to‘lovini o‘z vaqtida amalga oshirishga qiynalayoganligini bildirib tuman hokimiga murojaat qildi.
Murojaatlar yuzasidan tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berib ijrosini o‘z nazoratiga oldi.
 Aytish kerakki, tuman hokimining yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida yoshlar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar imkon qadar ijobiy hal qilinmoqda.
Tuman hokimining yoshlar bilan bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarining birida yoshlardan Shokir Hayitbayev va Asaloy Matqurbanovalar tuman hokimiga o‘z muammolarini aytib murojaat qilishgan edi.
Oybek mahallasida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda Shokir Hayitbayev haydovchilik guvohnomasini olishda amaliy yordam berliganini, Asaloy Matqurbanova esa o‘qishining kontrakt to‘lovi qoplab berilganligini, va murojaati ijobiy hal bo‘lganligini aytib tuman hokimiga minnatdorlik bildirishdi.
Uchrashuvda mahallaning faol yoshlaridan Tursunboy Raximov so‘zga chiqib tumanda sport sohasini rivojlantirish, sportchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganligini va buning natijasida tuman yoshlari katta g‘alabalarga erishayotganligini aytib o‘tdi.
Jumladan, Tursunboy Rahimovning o‘zi ham “Besh tashabbus olimpiadasi”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida faxrli 1-o‘rinni egallaganligini, bunga sabab esa yoshlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar ekanligini ta’kidladi.
Tuman hokimi Tursinboy Raximov singari yoshlar hali oramizda ko‘pligini, iste’dodli yoshlarni yanada ko‘prok kashf etish lozimligini aytib ularning Vatan koriga yaraydigan munosib farzand bo‘lib yetishishlariga ishonch bildirdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati