BO‘Sh ISH O‘RINLARI YARMARKASIDA 109 TA KORXONA-TASHKILOT 245 TA VAKANT LAVOZIMLARNI TAKLIF ETDI

Туман янгиликлари

Amudaryoda tuman hokimligi, tuman Prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi va Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.

18 yanvar kuni tuman Madaniyat bo‘limi binosida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda sektorlar rahbarlari, Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi va Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, tegishli korxona-tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari mas’ullari qatnashishdi. Yarmarkaga band bo‘lmagan xotin-qizlar, yoshlar, ish izlayotgan aliment to‘lovchi fuqarolar, nogironligi bo‘lganlar ham tashrif buyurishdi.

Ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan yarmarkaning ochilish marosimida so‘zga chiqqan tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov bo‘sh ish o‘rinlari, yo‘llanma olish, ishga joylashish tartibi to‘g‘risida ma’lumotlar berdi. Shuningdek, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamoladdin Yusupov, tuman hokimi o‘rinbosari Rashid Salayev, Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi hamda Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mas’ullari ham fuqarolarning ish bilan ta’minlanishi, mehnat muhofazasiga oid amaldagi qonunchilik kabilar yuzasidan tushunchalar berib o‘tishdi.

Yarmarkada tumandagi 109 ta korxona va tashkilotlar 245 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Vakant ish o‘rinlari mavjud bo‘lgan ushbu korxona va tashkilotlar o‘z faoliyati haqida batafsil ma’lumot beruvchi ko‘rgazmali stendlari, tarqatma materiallarini ishtirokchilar e’tiboriga havola etishdi. Shuningdek, tumandagi tijorat banklari tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarga imtiyozli kredit paketlari to‘g‘risida ma’lumotlar joylashtirilgan bukletlarni tarqatib, ulardan foydalanishni tavsiya qilishdi. Tijorat banklar mas’ullari ish izlovchilarga tavsiya etilayotgan foizli kredit va garov talab etilmaydigan mikrokreditlar olish tartibi to‘g‘risida batafsil tushunchalar berishdi.

Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida vakant o‘rinlar bilan qiziqib, murojaat qilgan 92 nafar fuqarolarning 25 nafarini ayollar, 7 nafarini og‘ir turmush sharoitida yashovchi xotin-qizlar, 24 nafarini yoshlar, 6 nafarini ta’lim muassasalari bitiruvchilari, 6 nafarini jazodan ozod etilganlar, 3 nafarini mehnat muhojirlari tashkil qildi. Ulardan 61 nafariga o‘zlarining kasb mutaxassisliklari bo‘yicha korxona-tashkilotlarda ishlash uchun yo‘llanma berildi va ishga joylashtirildi. Shuningdek, 10 nafar fuqaroga maslahatlar berildi. Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga 12 nafar shaxs jalb etildi. Kasbga o‘qitishga 9 nafar fuqaro yo‘naltirildi.

Ishsiz xotin-qizlar, yoshlar hamda Majburiy ijro byurosi Amudaryo tuman bo‘limi ish yurituvidagi aliment qarzlarini undirish, ishsiz aliment to‘lovchi fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi”da 14 nafar ayollar, 20 nafar yoshlar, 3 nafar bitiruvchilar, 17 nafar ishsiz aliment to‘lovchi fuqarolar, 1 nafar jazodan ozod etilgan shaxs, 2 nafar mehnat muhojirlari ishga joylashtirildi.

Yarmarka davomida ish izlovchi fuqarolarga malakali mutaxassislar tomonidan bandlik sohasida qiziqtirgan masalalar bo‘yicha maslahatlar berilib, huquqiy va amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Shuningdek, aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qonun asosida oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, tarmoqli marketing orqali daromad topish bo‘yicha ham yo‘l-yo‘riqlar, tavsiyalar berildi.

O.Xudoyberganova.