AYOL-QIZLAR DAVLATIMIZNING DOIMIY E’TIBORIDA

Туман янгиликлари

Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimiz iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash, “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

2022 yilda “Ayollar daftari”ning 3-bosqichiga barcha hududlardan 3810 nafar xotin-qizlar kiritilgan bo‘lib, shu kungacha ularning 3803 nafariga tegishli yordamlar ko‘rsatildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz ehtiyojmand xotin-qizlardan 1208  nafarining bandligi ta’minlandi. Tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 401 nafar xotin-qizlarga 4 mlrd. 559 mln. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. Boquvchisi bo‘lmagan 907 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning 906 nafariga “Ayollar jamg‘armasi” tomonidan BHMning 4 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordamlar ko‘rsatilib, 1 mlrd. 87 mln. 200 ming so‘m mablag‘ sarflandi. Homiylik mablag‘lari hisobidan uy-joy ta’miriga muhtoj 87 nafar xotin-qizlarning uy-joyi ta’mirlandi.

Undan tashqari, 218 nafar xotin-qizlar reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi. Shuningdek, mahallalarda tashkil etilgan o‘quv maskanlari hamda 2-sonli kasb-hunar maktabida 345 nafar ishsiz xotin-qizlar qayta kasbga o‘qitildi, 16 nafar xotin-qizlarning kontrakt pullari to‘lab berildi.

Daftar ro‘yxatidagi 300 nafar xotin-qizlar Xiva, Buxoro, Samarqand shaharlaridagi tarixiy maskanlarga sayohatlarga jalb etildi.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga muntazam ravishda psixologik, huquqiy hamda tibbiy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda. Shu bilan birga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi hamda mahallalardagi “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash” komissiyasiga murojaat qilgan, ajrim yoqasiga kelib qolgan 116 ta oilalarning 113 tasini yarashtirishga erishildi. Bilib-bilmay jinoyat yo‘liga kirgan 3 nafar xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar bo‘limining kafilligi asosida qamoq tarzidagi jinoiy jazodan saqlab qolindi va sog‘lom turmush tarziga qaytarildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida Oila va xotin-qizlar bo‘limi huzurida tashkil etilgan “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazi”da 495 nafar yosh oilalar o‘qitilib, sertifikatlar topshirildi.

Jamiyat taraqqiyoti, siyosiy, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi ayollarga, yoshlarga, oilaga bo‘lgan munosabat va e’tibor bilan bog‘liq. Shu bois, kelgusida ham ayollar bilan bog‘liq masalalar barchamizning doimiy e’tiborimizda bo‘ladi.

Go‘zal Saburova, tuman hokimi o‘rinbosari,

Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i.