BUDJET MABLAG‘LARI MAQSADLI VA XALQ FAROVONLIGI YO‘LIDA SARFLANADI

Туман янгиликлари

2023 yil uchun Amudaryo tumani Mahalliy budjetining daromadlari 77.5 mlrd. so‘m, yuqori budjetdan ajratiladigan transfert miqdori 165.4 mlrd.  so‘mni tashkil etmoqda va jami xarajatlari 242.9 mlrd. so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda.

Mahalliy budjetning daromadlari 44 mlrd, so‘m bo‘lib, yuqori budjetdan quyi budjetga taqsimlanuvchi daromadlar 33,5 mlrd. so‘m, jami daromadlar 77,5 mlrd. so‘mni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, Amudaryo tumaniga respublika budjetlari o‘rtasida taqsimlanadigan daromadlar 13.2 mlrd. so‘m, yuqori budjetdan quyi budjetga taqsimlanuvchi daromadlar esa 33,5 mlrd. so‘mni tashkil qilmoqda.

2023 yilgi tuman budjeti loyihasida madaniyat va sport sohasi xarajatlari 6.4 mlrd. so‘mni, ijtimoiy nafaqalar, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari xarajatlari 100.7 mlrd. so‘mni tashkil etmoqda.

Iqtisodiyot xarajatlariga 2023 yilda tuman budjetidan 26.6 mlrd. so‘m ajratish taklif etilmoqda.

2023 yilda Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi suv xo‘jaligi tashkilotlarini saqlash uchun 4.6 mlrd. so‘m, obodonlashtirish ishlariga 14.7 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, veterinariya qo‘mitasi tashkilotlarini saqlash xarajatlari uchun 1.6 mlrd. so‘m, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi xarajatlariga 1.04 mlrd. so‘m, xokim yordamchilari infrastrukturasini yaxshilash uchun 1.6 mlrd. so‘m, davlat boshqaruv organlari xarajatlariga 20.1 mlrd. so‘m, ijtimoiy ko‘nikma markazlari uchun 0.09 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xarajatlari 2023 yilda 8.4 mlrd. so‘mni tashkil etmoqda.

Prezidentimizning 2021 yil 13 apreldagi «Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi tegishli Qaroriga muvofiq budjet xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish tartibi bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilanganligi munosabati bilan “Fuqarolar uchun budjet” va “Fuqarolar tashabbusi” jamg‘armalari bosqichma-bosqich moliyalashtiriladi va zahira jamg‘armasi mablag‘lari 2.3 mlrd. so‘mdan ortiqni tashkil qiladi.

Qonun loyihasining alohida bobi budjet jarayonining shaffofligini oshirishga yo‘naltirilgan. Qonunda budjet jarayonining barcha ishtirokchilariga budjet mablag‘laridan foydalanishda shaffoflikni va ochiqlikni  ta’minlash talabi qo‘yilmoqda.

2023 yilda soliq-budjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar va tuman budjeti loyihasi ma’qullangan taqdirda, “2023 yil uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani mahalliy budjeti to‘g‘risida”gi qaror loyihasida mahalliy daromadlari 77.5 mlrd. so‘m, transfert 165.4 mlrd. so‘m, xarajatlari esa 242.9 mlrd. so‘m prognoz qilinmoqda.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, budjet  mablag‘lari maqsadli va xalq farovonligini oshirish, turmush sharoitini zamon talablari darajasiga yetkazish, tumanimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun sarflanadi.

U.Bekniyazov, tuman Moliya bo‘limi mudiri.